
09.08.2023
Yurtimizda yozning ayni jazirama kunlari hukm surmoqda. Yaxshi bilamizki, bu paytda isteʼmol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari salqin va ozoda joyda yoki muzlatgichda saqlanmasa, ularning sifati tezda buziladi.
Shu bois, har bir yegulikni yeyishdan avval uning isteʼmolga yaroqliligi borasida ishonch hosil qilish lozim. Chunki noqonuniy tarzda sotilayotgan, hech qanday tibbiy nazoratdan o‘tmagan qo‘lbola mahsulotlarni qachon va qanday sharoitda tayyorlanganini bilmaymiz. Ayniqsa, odam gavjum bo‘lgan dehqon bozorlari atrofida, uning ichkarisida, ko‘cha-ko‘y va yo‘laklarda noqonuniy tarzda sotilayotgan o‘rik va meva sharbatlari, gazli suv, ayron, uy sharoitida tayyorlangan somsa, xonim, norin, go‘ja kabi ovqatlarni tanovul qilishdan oldin ularning sifatiga jiddiy eʼtibor qarating. Sababi bunday yegulik va ichimliklar doim ham sanitariya-gigiyena talablariga javob beravermaydi.
Aslida dehqon bozorlarida sotilayotgan har qanday mahsulotning sifati hamda xavfsizligini taʼminlash, hududda ozodalikni saqlash uchun bozorlarda sanitariya-epidemiologiya va veterinariya bo‘limlari faoliyat yuritadi. Ammo “Har to‘kisda bir ayb” deganlaridek, har qancha tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilishiga qaramay, ayrim o‘zboshimcha fuqarolar bozorlar hududida sanitariya-epidemiologiya qoidalarini qo‘pol ravishda buzishmoqda.
Shuni unutmaslik kerakki, sifatsiz konserva mahsulotini yegan inson o‘tkir zaharlanish – botulizm xastaligiga chalinadi. Agar bemorga o‘z vaqtida tez tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, holat ayanchli yakun topishi ham mumkin.
Bugun oziq-ovqat mahsulotlarini aholiga sifatli tarzda yetkazilishini taʼminlash maqsadida yurtimizdagi barcha dehqon bozorlari muzlatgichlar bilan taʼminlangan. Qishloq xo‘jaligi ekinlari, meva-sabzavotlarni sotish uchun ochiq va yopiq rastalar tashkil etilgan. Ammo shunga qaramay, baʼzi bozor rastalarining bo‘m-bo‘sh turishi, tadbirkorlarning esa yerda savdo qilayotganliklarini ko‘rib, ajablanasan kishi. Ayniqsa, kechga tomon go‘sht va sut mahsulotlarini muzlatgichdan tashqarida sotilishi achinarlidir.
Bunday holatlarni ko‘rib, ko‘rmaslikka oladigan sanitariya-epidemiologiya nazorati va veterinariya xodimlari, noqonuniy savdoni nazorat qiluvchi Davlat soliq nazorati inspeksiyasi mutaxassislarini qanday tushunish mumkin? Menimcha buni ko‘rib ko‘rmaslikka oladigan tegishli nazotarchilarning yo feʼli o‘ta keng yoki ular bu holatdan manfaatdor.
Kuni kecha “Qo‘g‘ay” dehqon bozoriga borib, yana dilim xufton bo‘lib qaytdi. Bozorga kiraverishda qurilish ishlari olib borilayotgan bo‘lsada, yo‘lakda kiyim-kechakdan tortib, oziq-ovqat mahsulotlari savdosi avjida. Issiq havoda sotilayotgan kvas, mors, ayron kabi chanqoqbosdi ichimliklarni odamlar navbatga turib ichishmoqda. Bu holatni kim nazorat qiladi?
Har bir fuqaro o‘zi va oila aʼzolarining salomatligiga maʼsuldir. Zero, oilada ota-ona tibbiy savodxonlikka eʼtiborli bo‘lsa, bolalar ham o‘z sog‘lig‘i uchun jon kuydiradi. Hatto, ular loqayd kimsalarni ham bu aziz neʼmatni asrashga daʼvat etadi.
Agar inson nafaqat o‘zini, o‘zgalarni ham o‘ylab yashasa, bu ezgulik aslo bejiz ketmaydi. Shu bois salomatligimiz yo‘lida barchamiz ogoh bo‘laylik!
Jahongir TO‘XTASINOV
Uchqo‘rg‘on tuman Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati matbuot va axborot mutaxassisi