11.08.2023
Qashqadaryo viloyati Koson tumani “Obidida” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro E. Z. isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasiga ariza bilan murojaat qilib, ogʼzaki buyurtma asosida 7 million 500 ming soʼmga artezian qudugʼi qazdirganligi, biroq xizmat koʼrsatuvchi tomonidan ishlar chala holda tashlab ketilganligi va quduq ishga tushirib berilmaganligini maʼlum qilgan.
Murojaat Koʼkdala tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan oʼrganilganda, burgʼulash usulida qazilgan quduqdan suv chiqmaganligi sababli xizmat koʼrsatuvchi tomonidan suv nasosi oʼrnatish va elektr taʼminotiga oid ishlar bajarilmasdan qoldirib ketilganligi aniqlandi. Biroq, ogʼzaki kelishuvda belgilangan ishlar bajarilmagan boʼlsada, isteʼmolchidan quduq qazish uchun olingan xizmat haqi qaytarilmasdan kelingan.
Murojaatni oʼrganish jarayonida xizmat koʼrsatuvchiga amaldagi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik talablari tushuntirildi va bajarilmagan xizmat uchun olingan 7 million 500 ming soʼm toʼliq isteʼmolchi foydasiga undirilishi taʼminlandi.