
15.08.2023
Avtotexnika vositalarining zaruriy ehtiyot qismi quvvatlagich (akkumulyator) sanaladi. Sifatlisini sifatsizidan ajrata olish anchayin mushkul masala. Sababi tashqi ko‘rinishiga qarab ularni ajratish, avtotexnikaga o‘rnatmay turib xulosa qilib bo‘lmaydi.
Olot tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro B.R ham o‘zining “Muravey” mototexnikasi uchun tumanda joylashgan avto ehtiyot qismlari savdo do‘konidan 400.000 so‘mga quvvatlagich (akkumulyator) xarid qilgan. Ammo o‘rnatgach, xaridi sifatsiz ekanligini payqagan. Tadbirkor bilan murosaga kela olmagach, yordam so‘rab Buxoro viloyat isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish hududiy birlashmasiga murojaat qoldirgan.
Olot tuman jamiyati xodimlari murojaatni batafsil o‘rgangach, quvvatlagich (akkumulyator) sifatsiz ekanligi aniqlandi va isteʼmolchiga 400.000 to‘lovi qaytarib olib berildi.