08.09.2021
Har bir isteʼmolchi ish-xizmatdan foydalanar ekan, birinchi galda uning oʻz manfaati uchun xavfsiz ekanligiga eʼtibor berashi lozim. Foydalanadigan ish-xizmatdan foydalanish qoidalari, oʻziga keladigan foyda yoki zarar toʻgʻrisida oʻylab koʻrishi shart.
Endi asosiy maqsadimiz, xozirgi kunda isteʼmolchilarning keng ommalari kundalik hayotlari davomida xoxlasa-xoxlamasa Banklar faoliyati bilan uzviy aloqada boʻladilar.
Shu sababdan isteʼmolchilar Banklar bilan aloqa qilishlari davomida asosan eʼtibor qaratilishi, bilishlari lozim boʻlgan asosiy faktorlar bilan aziz isteʼmolchilarni tanishtirib oʻtishni lozim topdik.
Mustaqil Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimi - Oʻzbekiston Respublikasi moliya va pul-kredit tizimining uzviy qismi hisoblanadi. Respublikamizda bank tizimi ikki pogʻonali bank tizimidan iborat boʻlib, oʻz ichiga Markaziy bank va tijorat banklarini oladi. Markaziy bankning tijorat banklari bilan hamda tijorat banklarining oʻz mijozlari bilan boʻladigan oʻzaro munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining Qonun hujjatlari, jumladan “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi hamda “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunlarida belgilangan.
”Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 20-moddasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida banklar bank operatsiyalarini amalga oshirishga doir qarorlar qabul qilishda mustaqildirlar”-deb belgilab berilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, ularni farqlab olishga xarakat qilaylik.
Markaziy bank bilan tijorat banklarining bir-biridan nimalar bilan farq qiladi?
Markaziy bankning bosh maqsadi milliy valyutaning barqarorligini taʼminlashdan iborat.
Markaziy bankning asosiy vazifalari:
- monetar siyosatni hamda valyutani tartibga solish sohasidagi siyosatni shakllantirish, qabul qilish va amalga oshirish;
- Oʻzbekiston Respublikasida hisob-kitoblarning samarali tizimini tashkil etish va taʼminlash;
- banklar, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar, valyuta birjasi va kredit byurolari faoliyatini litsenziyalash hamda tartibga solish, banklar, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar va kredit byurolarini nazorat qilish, qimmatli qogʻozlar blankalari ishlab chiqarishni litsenziyalash;
- Oʻzbekiston Respublikasining rasmiy oltin-valyuta rezervlarini, kelishuvga binoan hukumat rezervlarini qoʻshgan holda, saqlash va tasarruf etish;
- bank xizmatlarining ommabopligini oshirishni taʼminlash va bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish;
- davlat byudjetining kassa ijrosini Moliya vazirligi bilan birgalikda tashkil etishdan iboratdir.
Markaziy bank faoliyatining strategik maqsadli yoʻnalishlari deb:
- narxlar barqarorligi;
- bank tizimi barqarorligi va rivojlanishi;
- toʻlov tizimi barqarorligi va rivojlanishini taʼminlash hisoblanadi.
Shuningdek, bugungi kunda Respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida Markaziy bank faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib, bank xizmatlari isteʼmolchilari huquqi va qonuniy manfaatlari himoyasini taʼminlash, aholi va tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy ochiqlikni va ularning savodxonlik darajasini oshirish belgilangan.
Markaziy bank oʻz oldiga qoʻyilgan vazifaga erishish uchun banklar, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar va kredit byurolari faoliyatini tartibga soladi hamda nazorat qiladi, banklar uchun majburiy boʻlgan iqtisodiy normativlarni belgilaydi. Markaziy bank vakolatlarining toʻliq roʻyxati “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunida aks ettirilgan.
Tijorat banklari “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq tijorat tashkilotlari hisoblanib, ularning faoliyati daromad olishga qaratilgan.
Tijorat bankining oʻziga xos xususiyati, bu yuridik va jismoniy shaxslardan omonatlar qabul qilish hamda qabul qilingan mablagʻlardan tavakkal qilib kredit berish yoki investitsiyalash uchun foydalanishdan iboratdir. Shuningdek, tijorat banklari jismoniy va yuridik shaxslarga bank hisobvaraqlarini ochadi va yuritadi, toʻlovlarni amalga oshiradi.