
18.08.2023
Bugun Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Qashqadaryo viloyati hududiy birlashmasi tashabbusi bilan Oʼzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiasiyasi viloyat hududiy boʼlinmasi, “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat boʼlinmasi hamkorligida “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish borasida hududda amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi rejalar” mavzusida jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.
Jamoatchilik eshituvida viloyat hokimligi, Taraqqiyot strategiyasini qoʼllab-quvvatlash boʼyicha jamoatchilik guruhi aʼzolari, deputatlar, mutasaddi davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi va viloyat isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi tomonidan isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar va oʼzaro hamkorlikdagi vazifalar yuzasidan hisobotlar berildi.
Xususan, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi tomonidan oʼtgan davrda isteʼmolchilardan jami 770 ta murojaat qabul qilinib ijroga qaratilgan. Murojaatlarning 174 tasi yozma, 571 ta murojaat ogʼzaki, 25 ta murojaat elektron shaklda boʼlib, ushbu murojaatlar tegishli tartibda oʼrganib chiqilishi taʼminlangan.
Murojaatlarni soha kesimida tahlil qilinganda, 283 tasi savdo, gaz taʼminoti boʼyicha 126 ta, elektr energiyasi taʼminoti boʼyicha 128 ta, suv taʼminoti boʼyicha 58 ta, kommunal soha boʼyicha 13 ta, sogʼliqni saqlash boʼyicha 10 ta, xizmat koʼrsatish (servis) sohasi boʼyicha 23 ta, transport sohasi boʼyicha 15 ta, aloqa(va internet) sohasi boʼyicha 8 ta va boshqa sohalar boʼyicha 106 tani tashkil etadi.
Oʼtgan davrda kelib tushgan murojaatlar sohalar kesimida koʼrib chiqilib, isteʼmolchilar manfaatlariga yetkazilgan jami 3 milliard soʼmdan ortiq moddiy va maʼnaviy zararlar qayta hisob-kitob qilinishi va undirib berilishi taʼminlangan.
Shuningdek, joriy yil davomida 71 ta murojaat yuzasidan isteʼmolchilarga yetkazilgan zararlarni undirish yuzasidan fuqarolik ishlari boʼyicha sudlarga daʼvo arizalari kiritilib, isteʼmolchilar manfaatlariga yetkazilgan 827.385.100 soʼm zararlar sudlar orqali undirililishi taʼminlangan.
Hududiy birlashma tomonidan oʼtgan davrda 336 nafar fuqaroning xonadoniga borilib, ular bilan yuzma-yuz muloqotlar tashkil etildi va aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli vakolatli idoralarga takliflar kiritib borildi. Shuningdek, 155 nafar fuqaroga malakali huquqiy maslahatlar berilib, ularni qiynab kelayotgan masalalar hal etildi.
Jamoatchilik eshituvi ishtiroklari yuqoridagilar xususida soʼz yuritib, oʼzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi va mazkur sohada davlat va nodavlat tashkilotlarning oʼzaro hamkorligini yanada mustahkamlash yuzasidan taklif va tavsiyalar berishdi.