
04.09.2023
Havo sovutgich xarid qilish bilan bog‘liq jarayonda iste’molchi ishlab chiqaruvchi korxona brendiga, sovutgich narxiga hamda sovutiladigan xona yoki bino hajmiga e’tibor qaratishi tabiiy. Ammo asosiy jihat nazardan chetda qolgandek, ya’ni sovutgich ishlashi uchun zaruriy elektr toki kuchlanishi ham hisobga olinishi kerak. Elektr chiroq va boshqa maishiy texnikalardan farqli o‘laroq, havo sovutgich muayyan ishlashida elektr toki kuchlanishi asosiy o‘rin tutadi.
Kogon tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro N.U YATT S.A ga qarashli maishiy texnika do‘konidan muddatli to‘lov asosida umumiy qiymati 7 000 000 so‘mga teng havo sovutgich xarid qilgan. 1 000 000 so‘m oylik to‘lovni oldindan amalga oshirgan. Ammo xonadoniga havo sovutgichni o‘rnatgach, past kuchlanishda ishlamasligi aniqlangan. Savdo do‘koniga bu bo‘yicha bir necha bor murojaat qilishiga qaramasdan ijobiy yechim kuzatilmagan.
So‘ngra Buxoro viloyat iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hududiy birlashmasi ishonch telefoni orqali og‘zaki murojaat qoldirdi. Kogon tuman jamiyati xodimlari tomonidan murojaat o‘rganilib, tadbirkorga qonunda belgilangan iste’molchining huquqlari tushuntirilgach, iste’molchi bilan tuzilgan muddatli to‘lov shartnomasi bekor qilindi hamda 1 000 000 so‘m oldindan qilingan to‘lov to‘liq qaytarib olib berildi.