Telegram-bot Virtual qabulxona

05.09.2023

TEJАMKORLIK – YАRIM BOYLIK

Maʼlumki, respublikamizda iqtisodiyot tarmoqlari rivojlangani, aholining turmush sharoiti kun sayin yaxshilanib borayotgani sari energiyaga talab ham oshib bormoqda. Shuning uchun energiya ishlab chiqarish quvvatlari yildan-yilga izchil rivojlantirilmoqda. Suv, quyosh, shamol energetikasi stantsiyalari barpo etilmoqda. Shuningdek, elektr energiyasi sarfini hisoblash tizimi ham tartibga keltirilmoqda. Mavjud energiya tejamkorligi masalasi haqida gap ketar ekan, bunda keng jamoatchilik o`rtasida targ`ibot tadbirlarining o`rni va ahamiyati muhimdir. Shu maqsadda O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Ko`kdala tuman jamiyati tomonidan joylarda targ`ibot tadbirlari tashkil etildi.

Mazkur yoʼnalishdagi chora-tadbirlarni tizimli qoʼllash maqsadida Prezidentimizning 2019-yil 22-avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori qabul qilingan va zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shunga qaramasdan elektr energiyasini qadrlash, undan tejamkorlik bilan foydalanish masalasi dolzarbligicha qolmoqda. Negaki, Prezident Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga yoʼllagan murojaatnomasida qayd etilishicha, respublikada soʼnggi 6 yilda aholi soni 13 foizga, sanoat korxonalari 45 mingdan 100 mingga koʼpaydi. Natijada, elektr enegiyasiga talab 35 foizga oshdi. Bu raqam yildan yilga oshishda davom etmoqda. Sohani rivojlantirish uchun yaqin yillarda 25-30 mlrd. dollarlik investitsiyalar zarur.

Tahlillar shuni koʼrsatadiki, iqtisodimizdagi energiya sarfi boshqa rivojlangan davlatlarga nisbatan ikki baravarga ortiqcha. Bu mavjud energiya ishlab chiqarish uskunalarining eskirganligi, aholi xonadonlari, ijtimoiy soha obʼektlari va boshqa korxonalarda energiya tejovchi qurilmalarning kamligi va aholining elektr energiyasini tejash boʼyicha juda kam maʼlumotlarga ega ekanligi bilan bogʼliqdir.

Yuqoridagilardan koʼrinib turibdiki, elektr energiyasini tejovchi qurilmalardan foydalanish va energiyani tejash boʼyicha keng jamoatchilik orasida targʼibot ishlarini tashkil etish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

            Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Koʼkdala tuman jamiyati tomonidan “Tejamkorlik-yarim boylik” mavzusidagi davlat granti loyihasi doirasida targʼibot tadbirlari olib borilmoqda. Xususan, tumandagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida shu mavzuda uchrashuvlar oʼtkazildi. Uchrashuvlarda muqobil energiya manbalaridan foydalanishni yoʼlga qoʼyish va uning ahamiyati, elektr energiyasini tejashning foydali xususiyatlari, energiya tejovchi qurilmalardan keng foydalanish orqali elektr energiyasini tejash usullari haqida batafsil maʼlumotlar berildi.

ELEKTRNI TEJАSHNING QАNDАY SАMАRАLI

USULLАRI MАVJUD?

 

Oʼzbekistondagi har bir xonadon yoki korxona, tashkilot va muassasaning kommunal xoʼjaligi xarajatlarining katta qismini, shubhasiz elektr energiyasi uchun toʼlovlar tashkil qiladi. Shu bilan birga, bu xarajatlarni kamaytirish unchalik qiyin emasligini hamma ham bilmaydi. Elektr energiyasini tejashning oddiy va samarali usullari bilan tanishib chiqing.

 Birinchi usul:

 Kundallik xatti-harakatlaringizni oʼzgartiring!

            Uyda energiya sarfini kamaytirish uchun siz energiya tejaydigan mahsulotlarni sotib olishingiz shart emas. Energiyani tejash uchun, kerak boʼlmaganda, chiroqlarni yoki elektr asboblarini oʼchirib qoʼyishingiz kifoya.

 Energiyani tejash uchun qishda termostat issiqligini oʼchirish va yozda sovitish uskunalaridan kamroq foydalanish zarur. Isitish va sovutish xarajatlari oʼrtacha uydagi kommunal toʼlovlarning deyarli yarmini tashkil qiladi. Shuning uchun isitish va sovutishning intensivligi va chastotasining pasayishi eng katta tejashni taʼminlaydi.

 Ikkinchi usul:

 Elektr chiroqlarni almashtiring!

Anʼanaviy choʼgʼlanma lampalar haddan tashqari koʼp elektr energiyasini sarflaydi va ularni energiya tejaydigan muqobillariga qaraganda tez-tez almashtirish kerak. Choʼgʼlanma galogen lampalar, ixcham lyuminestsent lampalar va yorugʼlik chiqaruvchi diodli lampalar anʼanaviy lampalarga qaraganda 25 foizdan 80 foizgacha kam energiya sarflaydi va 25 barobar koʼproq muddatga xizmat qiladi.

Energiyani tejaydigan lampalar biroz qimmatroq boʼlishi mumkin, biroq, ulardan samarali foydalanish va uzoq yillar xizmat qilishi sizga foyda keltiradi.

            Uchinchi usul:

            Qurilmalar ishlatilmaganda elektr simini tarmoqdan uzing!

 Koʼp odamlar elektr tarmogʼiga ulangan qurilmalar qancha elektr energiyasi sarflashini bilishmaydi. Masalan, oʼchiq televizorlar, komьpyuterlar, zaryadlangan telefonlar yoki oʼyin pristavkalari kabi kutish rejimidagi elektr qurilmalar. Ular sarflaydigan elektr energiyasi miqdori oz boʼlishi mumkin, biroq uzoq muddatga emas. Hozirgi zamonaviy hisoblagichlar qurilmalar oʼchiq holda boʼlsa ham, agar ular tarmoqqa ulangan boʼlsa, elektr sarfi hisoblaydi.

            Toʼrtinchi usul:

A+ toifali maishiy texnikalarni tanlang!

 

 Oʼrta hisobda, maishiy texnikalar xonadonlardagi umumiy energiya sarfining qariyb 80 foizini tashkil qiladi. Uskunani sotib olayotganda siz ikkita raqamga eʼtibor qaratishingiz kerak: sotib olish narxi va yillik ishlatish xarajatlari. Energiya tejaydigan qurilmalarning boshlangʼich sotib olish narxlari yuqori boʼlishi mumkin boʼlsada, ularning ishlatish xarajatlari odatda anʼanaviy modellarga qaraganda 9-25 foiz past boʼladi.

 Siz A+ va A ++ toifasidagi qurilmalarni tanlashingiz kerak, chunki ular 50 foizgacha kamroq energiya sarflaydi va elektr quvvati meʼyordan past boʼlgan hollarda ham ishlaydi.

 UNUTMАNG!

 Siz ishlatadigan elektr energiyasi miqdori bilan atrof-muhit oʼrtasida oʼzaro bogʼliqlik bor. Sizning shaxsiy oʼzgarishlaringiz kichik boʼlib tuyulishi mumkin, ammo mamlakatimizda aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash sohasidagi taraqqiyot - har birimizning undan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishimiz orqali yuzaga keladi.

QАNDАY IMTIYOZ VА RАGʼBАTLАNTIRIShLАR BOR?

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 9 sentyabrdagi “Elektr tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PF-220-sonli Farmoniga muvofiq, energiya tejovchi qurilmalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishga oʼtgan jismoniy va yuridik shaxslarga quyidagi imtiyoz va ragʼbatlantirishlar belgilangan:

-jismoniy shaxslarga Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʼarmasi mablagʼlari hisobidan respublikada ishlab chiqarilgan quyosh va shamol elektr stantsiyasi hamda quyosh suv isitish qurilmalarini 3 yil mobaynida foizsiz boʼlib-boʼlib toʼlagan holda sotib olish imkoniyati yaratiladi;

-qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining qiymatini toʼliq toʼlagan holda ularni xarid qilgan va oʼrnatgan isteʼmolchilarga xarid xarajatlarining bir qismi Jamgʼarma hisobidan kompensatsiya qilinadi;

-isteʼmolchilar tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari toʼgʼridan-toʼgʼri mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar, yetkazib berish, oʼrnatish va ishga tushirish xizmatlarini koʼrsatuvchi korxonalar, mahalliy chakana savdo obʼektlaridan, shu jumladan elektron tijorat vositalari orqali sotib olinganda boʼlib-boʼlib toʼlash imkoniyati beriladi yoki yakuniy chakana narxdan kompensatsiya miqdori chegirib tashlanadi.

-ijtimoiy soha obʼektlari va boshqa byudjet tashkilotlari rahbarlari va masʼul xodimlari faoliyati samaradorligining muhim koʼrsatkichlarini (KPI) baholash tizimida energiya tejovchi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish ishlari alohida inobatga olinadi va ushbu koʼrsatkichlar bajarilishiga koʼra ularni ragʼbatlantirish choralari koʼriladi.

 


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00