Telegram-bot Virtual qabulxona

12.09.2023

44 ming so'mdan 697 minggacha — Dunyo bo‘ylab go‘sht narxlari qancha?

Go‘sht kundalik iste’molimizdagi asosiy mahsulotlardan biri hisoblanadi. Oʻzbekistonda bir kishi yiliga oʻrtacha 43 kilogramm goʻsht va goʻsht mahsulotlarini isteʼmol qiladi. Jahon mamlakatlarida esa go‘sht iste’moli hajmi va uning narxlari turlicha.

Dunyo bo‘ylab go‘sht iste’moli

Hozirda global go‘sht iste’moli keskin ortib bormoqda. Dunyo miqyosida yiliga 350 million tonna go‘sht iste’mol qilinadi. 2050-yilga borib iste’mol hajmi 460 milliondan 570 million tonnagacha yetishi kutilmoqda.

Eng ko‘p go‘sht iste’mol qiladigan mamlakatlar (1 yilda kishi boshiga):

  1. AQSh – 124 kg;
  2. Avstraliya – 122 kg;
  3. Argentina – 109 kg;
  4. Yangi Zelandiya – 101 kg;
  5. Ispaniya – 100 kg.

Go‘shtni eng kam iste’mol qiladigan davlatlar:

  1. Hindiston – 3 kg;
  2. Bangladesh – 3,4 kg;
  3. Efiopiya – 4,54 kg;
  4. Nigeriya – 5,9 kg;
  5. Tanzaniya – 7 kg.

O‘zbekistonda bir kishi yiliga 43,2 kg go‘sht va go‘sht mahsulotlarini iste’mol qiladi. Mamlakatda go‘sht iste’molini o‘rtacha deyish mumkin. O‘zbekiston go‘shtni Tojikiston va Qirg‘izistondan ko‘proq, Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon va boshqa Boltiqbo‘yi mamlakatlariga qaraganda esa kamroq iste’mol qiladi.

Go’sht narxi eng qimmat bo‘lgan davlatlar

AQShning “Global product price” nashriga ko‘ra, hozirda dunyo bo‘yicha 1 kg mol go‘shtining o‘rtacha narxi 14,14 dollar (172 000 so‘m) ni tashkil etadi. Go‘sht narxi eng qimmat mamlakat bu – Gonkong. U yerda 1 kg go‘sht 57,40 dollar (697 ming so‘m!) turadi. Keyingi o‘rinlarni esa Shvetsariya (695 ming so‘m), Janubiy Koreya (681 ming so‘m), Norvegiya (456 ming so‘m) va Germaniya (325 ming so‘m) kabi davlatlar egallagan.

Shuni ta’kidlash lozimki, yuqorida keltirilgan deyarli barcha davlatlar o‘rtacha ish haqi eng yuqori bo‘lgan mamlakatlar sirasiga kiradi. Ya’ni, biz uchun hayratlanarli ko‘ringan narx ushbu davlatlar aholisining o‘rtacha daromadiga hisoblanganda, unchalik qimmat emasligiga guvoh bo‘lish mumkin. Ya’ni, narxlarning boshqa davlatlarga nisbatan qimmatligi yuqori turmush darajasi bilan bog‘liq. Masalan, go‘sht narxi eng qimmat mamlakat Gongkongda o‘rtacha ish haqi 2200 dollar (26 730 088 so‘m!)

Go‘sht eng arzon bo‘lgan mamlakatlar

Jahonda go‘sht narxi eng arzon mamlakat Pokiston hisoblanadi. U yerda mol go‘shtining ayni vaqtdagi o‘rtacha narxi – 44 300 so‘m! Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni esa Paragvay (47 000 so‘m) hamda Nigeriya (50 400 so‘m) qayd etgan.

Go‘sht eksporti va importi bo‘yicha qaysi davlatlar yetakchi?

Braziliya mol go‘shti bo‘yicha sayyoradagi eng yirik eksport qiluvchi davlat hisoblanadi. O‘tgan yilda mamlakat 132 ta davlatga mol go‘shti eksport qilgan. Uning eng katta qismi esa Gongkong, Chili, AQSh va Misr davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Dunyodagi eng qimmat go‘sht sotiladigan Gongkong mahsulotni eng ko‘p import qiluvchi davlat hisoblanadi. U 2018-yildan buyon eng yirik importyor bo‘lib kelmoqda. Undan avval AQSh go‘sht sotib olish bo‘yicha yetakchi edi.

Gongkongda mol go‘shti importi 2023-yilda birinchi marta kamayishi mumkin, chunki mamlakat retsessiya va Covid-19 bilan kurashyapti. Mol go‘shtining yirik import bozorlari bo‘lmish AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreyada esa bu yil  import hajmining biroz o‘sishi kutilmoqda.

Zahrobonu Jo‘raqulova tayyorladi

 


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00