
13.09.2023
Bugungi kunda yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy rioya qilishni nazoratga olish muhim vazifalardan biriga aylangan. Mamlakatimizda, hatto, maktabgacha taʼlim muassasalarida ham bolajonlarga yoʻl harakati xavfsizligi qoidalari oʻrgatilib kelinmoqda.
Ta'lim muassasalarida yangi o'quv yili boshlangani sababli, o'quvchi-yoshlarning yo'l harakatidagi xavfsizligini ta'minlash maqsadida Uchqoʻrgʻon tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan «Diqqat, bolalar!» jamoatchilik tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Ushbu profilaktika tadbirlarida yoshlarga yoʻl harakati qoidalari, haydovchi va piyodalarning majburiyatlari, xavfsizlik shartlari batafsil tushuntirilmoqda. Yoʻl-transport hodisalarining oqibatlari va ularning oldini olishga doir maʼlumotlar berib borilmoqda. Har bir oʻquv muassasasiga yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari biriktirilib, piyodalarga, ayniqsa, bolalarga yoʻl harakati qoidalarini bilishi zarurligi uqtirilmoqda.
Koʻprikboshi mahallasi hududidagi 39-umumiy oʻrta taʼlim maktabi yonida ham xuddi shunday tadbir oʻtkazildi. Unda tuman YHXB rahbari A.Abdusamatov, tuman Yoshlar agentligi va Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari ishtirok etdilar.
Shuningdek, xalq deputatlari tuman Kengashi doimiy komissiya raisi A.Qodirov qatnashdi. Yoʻlovchi tashuvchi transport haydovchilari bilan yoʻl harakati qoidalariga rioya etilishi yuzasidan davra suhbati oʻtkazildi. Soha xodimlari tomonidan oʻquvchi-yoshlarga koʻrgazmali qurollar asosida yoʻl harakati qoidalari, piyodalarning majburiyatlari haqida batafsil maʼlumotlar berildi.