Telegram-bot Virtual qabulxona

14.09.2023

Iste'molchini haqorat qilgan "Yandex" taksi haydovchisiga chora ko'rildi

Bilamizki, mijoz o'z manziliga Yandeks taksilari orqali yetib olgach, "Yandex" mobil ilovasi orqali xizmatga baho berishi mumkin. Bu haydovchi reytingiga taʼsir qiladi, albatta. Agar salbiy baholar belgilangan meʼyordan oshib ketsa, tizim uning akkauntini bloklab qoʻyadi. Bordi-yu, mashinada yukingizni unutib qoldirgan boʻlsangiz, xavotirga oʻrin yoʻq. Mobil ilova yordamida bu haqda xabar bersangiz, sizga albatta yordam koʻrsatiladi.

Sholi kurmaksiz boʻlmaganidek, haydovchilar orasida ham mijozlar bilan qoʻpol munosabatda boʻladiganlari uchrab turadi. Shunday holatlardan biri Namangan shahrida kuzatildi.

Fuqaro J.SH. 2023-yil 8-sentyabr kuni soat 12:35 lar atrofida “Yandex go” ilovasi orqali Navoiy koʻchasida joylashgan “OLUMPUS” fotosaloni oldidan yashash manziliga yetib olish uchun taksi buyurtma qilgan va unga haydovchi S.SH.  boshqaruvida boʻlgan “Kobalt” rusumli avtomashina onlayn bogʻlangan.

Ushbu avtomashina haydovchisi yoʻlning qarshi tomonida toʻxtab, mijozga "siz buyurtma (lokatsiya)ni notoʻgʻri belgilagansiz", deb qoʻpol munosabatda boʻlgan. Fuqaro esa ushbu taksi ilovasidan doimiy foydalanishini aytgan. Shundan soʻng, mijozni shaʼniga tegadigan har xil soʻzlarni gapirib, haqorat qilgan. Eng yomoni mijozni buyurtma qilingan manzilga yetkazib olib bormay, yarim yoʻlda majburan tushirib qoldirgan. Murojaatchi avvaldan yuragi xastaligi hamda farzandlari oldida haqoratli soʻzlarni eshitganli sababli, uning sogʻlig'i yana yomonlashgan.

Yuqoridagilarga asosan, fuqaro “Yandex” taksi haydovchisiga qatʼiy chora koʻrilishida amaliy yordam soʻrab, Oʻzbekiston Respublikasi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati Davlatobod tuman ijro etuvchi apparatiga murojaat qilgan.

Ijro etuvchi apparat tomonidan ushbu holatni oʻrganib chiqish uchun haydovchi bilan shartnoma tuzgan korxonaga aloqa xati yuborildi. Xizmat koʻrsatuvchi korxona tomonidan holat toʻliq oʻrganilib, haqiqatan ham haydovchi S.SH. va mijoz o'rtasida yuqoridagi holat roʻy berganligi aniqlangan va jamoa oʻrtasida muhokama qilinib, bunday holat birinchi bor boʻlayotgani sababli korxona rahbari tomonidan unga nisbatan hayfsan chorasi koʻrilgan va “Yandex” taksi ilovasidan foydalanish vaqtincha toʻxtatilgan. Agar bunday holat qayta takrorlansa, unga nisbatan qatʼiy chora koʻrilib, ilovadan umrbod foydalanish huquqidan (bloklash) mahrum qilinishi toʻgʻrisida qatʼiy ogohlantirish berilgan.


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00