
14.09.2023
Tadbirkor M.Saidova tomonidan Samarqand shahar hududidagi yer maydonida zamonaviy loyiha asosida 3 qavatdan iborat yertoʼlali bino qurilishi sababli, shaharning "Buyuk Ipak Yoʼli" koʼchasida yashovchi fuqaro M.Аshurovga tegishli goʼsht doʼkoni va muzlatgich kamera xonasi buzilgan. Shuning uchun, tadbirkor fuqaroga yuqorida koʼrsatilgan binoning birinchi qavatidan va yertoʼlasidan 45 kv.metrdan, jami 90 kv. metr qismini tovon tariqasida berish majburiyatini o'z zimmasiga olgan. Biroq M.Saidova ushbu majburiyatni bajarmasdan, 2020-yil may oyida fuqaro M.Аshurovga tovon tariqasida berilishi kerak boʼlgan binoning jami 90 kv. metr qismini boshqa shaxsga sotib yuborgan.
Fuqaro unga berilishi kerak bo'lgan joy boshqaga sotib yuborilgani va tadbirkor tomonidan iste'molchining salkam uch yil davomida sarson qilingani, shuningdek, oʼtgan vaqt mobaynida fuqaroning tadbirkorlik faoliyati toʼxtab qolgani sababli, qurilgan binodan unga ajratilishi lozim boʼlgan 90 kv.metr joyni olishda, unga yetkazilgan moddiy hamda maʼnaviy zararni undirishda amaliy yordam soʼrab, Samarqand shahar Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma tartibda murojaat qilgan.
Mazkur murojaat yuzasidan jamiyat xodimlari tomonidan Fuqorolik ishlari boʼyicha Samarqand shahar sudiga 2022-yil oktabr oyida daʼvo ariza kiritilgan. Ammo 2022-yil noyabr oyida oʼtkazilgan Sud majlisida da'vo ariza qanoatlantirilmagan. Shuningdek, apellatsiya shikoyati kiritish orqali 2022-yil noyabr oyidan 2023-yil avgust oyi oxirigacha boʼlgan davrda ushbu da'vo boʼyicha 8 marotaba ochiq sud majlisi boʼlib oʼtgan. Shu kabi sa'y-harakatlar natijasida, murojaatchining 3 yillik muammosi hal etilishiga erishildi.
Samarqand viloyati Sudi Fuqarolik ishlari boʼyicha apellatsiya instantsiyaning ajrimiga koʼra, tadbirkor (javobgar) M.Saidova tomonidan fuqaro M.Аshurov foydasiga uning oldidagi majburiyatni bajarguniga qadar har oy uchun 4 000 000 soʼmdan ijara haqi, 616 005 000 soʼm boy berilgan foyda, 20 000 000 soʼm maʼnaviy zarar hamda davlat foydasiga 25 630 200 soʼm davlat boji undirilishi toʼgʼrisida hal qiluv qarori qabul qilindi.