Telegram-bot Virtual qabulxona

15.09.2023

31 million so'mlik kredit mojarosi bartaraf etildi

Marg‘ilon shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan shahardagi tashkilotlardan birida mehnat faoliyatini olib boruvchi fuqaro A.I.ning hamkasbi K.X. tomonidan uning nomiga katta miqdorda kredit rasmiylashtirib olib, to‘lamasdan kelayotganligi to‘g‘risidagi murojaati o‘rganildi.

Ma'lum bo‘lishicha, shu yilning iyul oyi o‘rtalarida murojaat egasi A.I.dan hamkasbi K.X. qarzga 1 000 000 so‘m pul berib turishini so‘raydi, u puli yo‘qligini aytganida esa buning yo‘li borligini aytib, uni avval onlayn mikroqarz olish uchun "Anorbank" shoxobchasiga olib boradi. A.I.ning nomida kredit bo‘lgani sababli bo‘lsa kerak, bu yerda ularning ishi bitmaydi. Shundan so‘ng, uni Qo‘shtepa tumanidagi kredit savdo do‘koniga olib boradi. U yerda A.I. nomiga 31 000 000 so‘mlik maishiy tovarlarni xarid qilinganligi to‘g‘risida kredit rasmiylashtiriladi. Qog‘ozlarga qo‘l qo‘yib uyiga qaytgan A.I.ni esa oradan bir oy o‘tib kredit to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha bezovta qila boshlashadi ...

Shahar jamiyati mutaxassislari o‘rganish ishlari davomida dastlab kredit savdo do‘koni mas'ullari bilan bog‘lanib, shartnomaning mavjudligi, rasmiylashtirilgan summa, tovarlarni kimga yetkazib berilganligi kabi holatlarga oydinlik kiritganlaridan so‘ng, rasmiylashtirilgan kreditning "haqiqiy to‘lovchisi" K.X. bilan ham suhbatlashdilar. Tomonlarga yuzaga kelgan holatda amaldagi qonunchilik talablari, uning huquqiy oqibatlari yuzasidan tushuntirishlar berildi. O‘rganish ishlari davomida K.X. bank muassasasi vositasida 32 374 646 so‘m to‘lovni amalga oshirib, hamkasbi nomiga rasmiylashtirib olgan kreditini to‘liq so‘ndirdi.

 


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00