20.09.2021
Federatsiyaning Fargʻona tuman jamiyati tomonidan Vodil shaharchasi Dilkusho MFY hududida yashovchi O.Taniqulovaning murojaati oʻrganildi. Isteʼmolchi oʻz murojaatida tabiiy gazdan toʻlovlar boʻyicha qarzdorligi yoʻq boʻlsada, mobil telefoniga SMS xabar kelayotganligidan noroziligini bildirgan. Murojaat jamiyat mutaxassislari hamda “Hududgaz Fargʻona” gaz taʼminoti filiali Fargʻona tuman boʻlimi masʼul xodimi ishtirokida oʻrganilib, isteʼmolchining tabiiy gaz uchun amalga oshirgan toʻlov qogʻozlari asosida qayta hisob-kitoblar oʻtkazildi.
Oʻrganish toʻlovlar boʻyicha fuqaroning tabiiy gazdan qarzi yoʻqligini koʻrsatib, mobil telefonga yuborilgan qarzdorlik toʻgʻrisidagi SMS xabar yuzaga kelgan texnik xatolik tufayli sodir boʻlganligi maʼlum boʻldi. Natijada isteʼmolchi asabbuzarligi holatiga sabab boʻlgan 791 200 (yetti yuz toʻqson bir ming ikki yuz) soʻm qarzdorlikning asossiz ekanligi isbotini topdi.