20.09.2023
Uchquduq shahri "Mustaqillik" ko‘chasida yashovchi fuqarolar A.Sh. va M.Q. tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ariza bilan murojaat qilib, quyidagilarni ma'lum qilgan:
2023-yil 1-avgust kuni fuqaro A.Sh. o‘ziga tegishli bo‘lgan kvartirani fuqaro M.Q.ga 300 million so‘mga sotishga kelishgan. So'ng, M.Q. (xaridor) ipoteka krediti ajratilishini so‘rab, "O‘zmiliybank" xizmatlari markaziga murojaat qilgan. Bank xodimlari ipoteka kredini ajartish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni talab qilishgan, ipoteka shartnomasi tayyorlangan, kafillar shartnomaga imzo chekkan. Fuqaro bankka 90 million so'm to'lovni amalga oshirgan. Shundan so'ng, bank xodimlari M.Q.ga "Ertaga keling, sizga ipoteka krediti ajratiladi", deyishgan. Ammo murojaatchi ertasi kuni bankka borganida esa, bank boshqaruvchisi Markaziy bank kredit boshqarmasi sizga kredit ajratishni rad qildi, degan javobni bergan.
Tuman jamiyati tomonidan arizachilarning vajlari qonuniy o‘rganilib, "O‘zmiliybank"ga ipoteka krediti ajratishni rad qilishning qanday qonuniy asoslari borligi haqida ma’lumot berilishini so‘rab, xat kiritildi. Bank o‘z javob xatida uzundan-uzun sabablarni keltirib, yakuniy xulosasida sotuvdagi ushbu uyning likvidligi, soddaroq tushuntiradigan bo‘lsak, uyning narxi pastligi va “snos”ga tushish xavfi yuqorligi sababli, Markaziy bank kredit boshqarmasi kreditni ajratishni rad qilganligini bildirgan.
Jamiyat tomonidan Kadastr agentligi Uchquduq filiali va Uchquduq tuman Davlat xizmatlari markazi bilan bog‘lanib, bank tomonidan keltirilgan sabablarga aniqlik kiritish borasida o‘rganish ishlari olib borildi. Natijada, ko‘rsatilgan uy manzili hech qanday buzilishlarga tushmasligi ma’lum bo‘ldi. Tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining asosli hujjatlariga asosan, bank rahbariyati bilan olib borilgan muzokaralardan so‘ng, fuqarolarning arizalari ijobiy hal qilindi.