Telegram-bot Virtual qabulxona

22.09.2023

Televizorda aniqlangan nuqson bepul bartaraf etildi

Quvasoy shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan shu shaharda yashovchi A.D.ning xarid qilingan televizorda kafolat muddati davrida nuqson yuzaga kelganligi bilan bog‘liq murojaati o‘rganildi.

Iste'molchi murojaatida ma'lum qilishicha, shahardagi tovarlarni iste'mol krediti shartlarida realizatsiya qilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi do‘kondan o‘zi mehnat qilayotgan maktabgacha ta'lim muassasasida foydalanish uchun shartnoma qiymati 3 000 000 so‘m bo‘lgan "Samsung Smart 32" rusumli televizorni bir yillik muddatli to'lov asosida xarid qilgan. Ammo kafolat muddati davrida televizorda nuqson kuzatilib, ishlamay qolgan. Bu borada do‘kon mas'ullariga qilgan murojaatlari bo‘yicha esa ijobiy natijaga erisha olmagan.

Amaldagi iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka ko‘ra, tovarning pulini bir yo‘la to‘lab xarid qilingan holatda ham, uning pulini bo‘lib-bo‘lib to‘lash, iste'mol krediti shartlarida xarid qilinganda ham tovarda kafolat muddati ichida nuqson kuzatilsa, iste'molchi o‘zining bu boradagi qonuniy huquqlarini ro‘yobga chiqara oladi. Xususan, uning bunday huquqlaridan biri tovarda aniqlangan nuqsonni bepul bartaraf etilishini talab qilish huquqidir. Shahar jamiyati mutaxassislari murojaat yuzasidan sotuvchiga qonunning mazkur talablarini tushuntirganlaridan so‘ng, televizorda aniqlangan nuqson sotuvchi hisobidan bepul bartaraf etilishiga va iste'molchiga soz holatda topshirilishiga erishildi.

 


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00