
29.09.2023
Farg‘ona shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan Uchko‘prik tumani "Baxrin" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi A.B.ning avtomashina xarid qilish uchun avans sifatida to‘langan pul mablag‘ini qaytarish bo‘yicha murojaati o‘rganildi.
Ma'lum bo‘lishicha, iste'molchi 2022-yil 25-noyabr kunida "Damas" avtomobili xarid qilish uchun Farg‘ona shahridagi "Umid avto companies" MChJ bilan shartnoma imzolab, uning asosida oldindan 31 119 000 so‘m to‘lovni amalga oshirgan. Shartnomaga ko‘ra, avtomashina iste'molchiga 120 ish kunida yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ushbu muddat allaqachon o‘tib ketgan bo‘lsa-da, shartnomaning mazkur talabi bajarilmagan. Iste'molchining yuzaga kelgan holatda pul mablag‘ini qaytarib olish bo‘yicha harakatlari ijobiy samara bermagan.
Shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan murojaatni o‘rganish yakunlari bilan MChJ rahbariyati nomiga amaldagi qonunchilik talablari va qonunchilik talablarini bajarilmasligi natijasida kelib chiquvchi salbiy oqibatlarni o‘zida aks ettirgan da'vo talabnomasi kiritilgach, iste'molchining oldindan to‘lov sifatida amalga oshirgan 31 119 000 so‘m pul mablag‘i qaytarilishiga erishildi.