Telegram-bot Virtual qabulxona

12.10.2023

Elektrdan noqonuniy hisoblangan salkam 32 million so'm qarz sud orqali bekor qilindi

Koson tumani “Rahim soʼfi” mahallasida yashovchi N.E. tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.

Unda keltirilishicha, tuman elektr taʼminoti korxonasi xodimlari iste'molchi xonadoniga kelib, elektr energiyasidan foydalanish qoidalari buzilganligi toʼgʼrisida dalolatnoma rasmiylashtirgan va 31 million 783 ming soʼm asossiz qarzdorlik hisoblagan.

Fuqaroning murojaati tegishli mutaxassislarni jalb etgan holda oʼrganildi. Аniqlanishicha, dalolatnoma fuqaroning xonadoni va tomorqasiga suv chiqarish maqsadida oʼrnatilgan suv nasosi uchun rasmiylashtirilgan. Isteʼmolchi tomonidan mazkur nasosdan foydalanish uchun tuman elektr taʼminoti korxonasi hisob dasturida alohida abonent hisobraqami ochilgan va hisoblagich oʼrnatilib, toʼlovlar amalga oshirib kelingan. Biroq hech qanday noqonuniy holatlar boʼlmasa-da, elektr taʼminoti idorasi tomonidan qoidabuzarlik dalolatnomasi rasmiylashtirilgan.

Tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan murojaatni oʼrganish natijalaridan kelib chiqib, isteʼmolchiga nisbatan hisoblangan asossiz qarzdorlikni hisob dasturidan chiqarish toʼgʼrisida fuqarolik ishlari boʼyicha Qarshi tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi. Sud tomonidan daʼvo talabi qanoatlantirilib, isteʼmolchiga hisoblangan noqonuniy qarzdorlikni toʼliq bekor qilish hamda hisob dasturidan chiqarish haqida qaror qabul qilindi. Shuningdek, Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari idorasidan 1 million 271 ming soʼm davlat boji hamda isteʼmolchi foydasiga 33 ming soʼm pochta xarajatlarini undirish belgilandi. 
 


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00