
13.10.2023
Buvayda tumani iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan "Yuqori Mang‘it" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi fuqaro A.I. kundalik ishiga qatnashi uchun foydalanadigan yo‘lovchi tashish transporti korxonasi haydovchilarining muomalasi va yo‘l haqqi borasidagi tartibsizliklar yuzasidan o‘z e'tirozlarini bildirib o‘tgan.
"Men har kuni "Yangiqo‘rg‘on-Buvayda" yo‘nalishida harakatlanuvchi "Damas"larda ishga qatnayman. Keyingi vaqtlarda haydovchilarning muomalasi qo‘pollashib, yo‘l haqqi ham har xil bo‘lib ketyapti. Shu masalani o‘rganib, amaliy yordam ko'rsatishingizni so'rayman", - deydi fuqaro o‘z murojaatida.
O‘rganish davomida umumiy masofasi 12 kilometrni tashkil qiluvchi mazkur yo‘nalishga “Buvayda alfatrans” MChJ tomonidan yo‘lovchi tashish xizmatlari ko‘rsatib kelinayotganligi ma'lum bo‘ldi. Ushbu korxona xizmatlaridan foydalanayotgan yo‘lovchilar bilan qo‘shimcha suhbatlashilib, ularning korxona tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar yuzasidan fikrlari ham o'rganildi. Suhbat davomida yo‘lovchilar korxona xizmatlari yuzasidan ortiqcha e'tirozlari yo‘qligini ma'lum qilib, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash kerakligi bo‘yicha o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar.
Tuman jamiyati tomonidan korxona mas'ullariga amaldagi iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari, iste'molchining huquqlari, ijrochining majburiyatlari yuzasidan tushuntirishlar berib o‘tilib, haydovchilarning yo‘lovchilar bilan muomalasini hamda yo‘l haqqini korxona tomonidan belgilangan miqdorda bo‘lishini qat'iy nazoratga olish bo‘yicha doimiy chora-tadbirlar ko‘rib borilishi so‘raldi.