
24.10.2023
Ko‘zni qamashtiruvchi baland binolar, ulardagi qulayliklar va quruvchilar tomonidan berilgan va’dalar nechog‘lik haqiqat? Shartnomada ko'rsatilgan shartlar quruvchilar tomonidan to'liq bajarilyaptimi yoki qog‘ozlarda qolib ketyaptimi? Shunday muammo bilan Zarafshon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga 1-kichik tumanda yashovchi fuqaro O.T. tomonidan yozma ariza kelib tushgan.
Arizada keltirilishicha, fuqaro “Brand Zarafshon” qurilish firmasi tomonidan Zarafshon shahrida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan 2-xonali xonadonni 235 200 000 so‘mga sotib olishga kelishgan. Ammo quruvchi tomonidan shartnomaning 3.1.3 bandida keltirilgan devoriy qozon o'rnatib berish shartining bajarilmayotganligidan noroziligini bildirgan.
Murojaat jamiyat xodimlari tomonidan o‘ganib chiqildi va murojaatda keltirilgan muammolar o‘z isbotini topdi. Qurilish firmasi rahbariyatiga O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida’’gi qonunining tegishli moddalari tushuntirib o‘tildi. Natijada, murojaatchiga to‘lov grafigidan 7 000 000 so'm kamaytirib berildi.