
30.10.2023
Farg‘ona shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga shaharning A.Navoiy ko‘chasida yashovchi fuqaro A.S. murojaat qilib, xarid qilingan mebelning nuqsonli chiqqanligi va uni sotuvchi tomonidan almashtirib berish ishlari paysalga solib kelinayotganligi holati yuzasidan shikoyat qilgan.
Iste'molchining so‘zlariga ko‘ra, u shahardagi mebel do'konidan 2 000 000 so‘mga kiyimlar uchun javon xarid qilgan. Do'kon vakili javonni uyga o‘rnatib ketgach, uning ichki qismida nuqson borligi ma'lum bo'lgan. Sotuvchi xuddi shunday rusumdagi javon sotuvda qolmagani, uni 10 kun ichida, ya'ni Toshkent shahridan tovarning yangi partiyasi kelishi bilan almashtirib berishini aytgan. Ammo oradan 20 kun o‘tsa hamki va'da bajarilmagan.
Shahar jamiyati mutaxassisi murojaatni o‘rganish davomida sotuvchi bilan uchrashib, "Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 13-14-moddalari talablarini tushuntirgach, sotuvchi shu kunni o‘zida nuqsonli javonni qaytarib olib, uni boshqa maqbul sifatdagisiga almashtirib berdi. Olib borilgan ishlar natijasi bilan iste'molchining 2 000 000 so‘m zarar ko‘rishining oldi olindi.