Telegram-bot Virtual qabulxona

03.11.2023

238 million so'm sud orqali iste'molchi foydasiga undirildi

Chiroqchi tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga fuqaro А.B. murojaat qilib, qurilish tashkiloti tomonidan huquqlari buzilayotganligini maʼlum qilgan.

Murojaatga koʼra, fuqaro va “Grant Texno Qurilish Servis” MChJ oʼrtasida 2020-yilning 7-fevral kunida notarial tasdiqlangan kelishuv bitimi tuzilgan. Bitimga asosan, MChJ tomonidan tumanning "Mustaqillik" koʼchasida qurilayotgan koʼp qavatli uylarning birinchi qavatidagi 75 kv.metr hajmli savdo doʼkonini yertoʼlasi bilan birga qurib, fuqaro А.B.ga mulk qilib sotish majburiyati olingan. Kelishuvda fuqaro 210 million soʼm toʼlovni amalga oshirishi va qolgan 165 million soʼmni qurilish bitgunga qadar toʼlab berishi, MChJ esa savdo doʼkonini bir yarim yil davomida qurib tugallashi belgilangan. Biroq fuqaro tomonidan kelishilgan toʼlov toʼliq amalga oshirilgan boʼlsa-da, qurilish ishlari uch yildan ortiq vaqt oʼtsa hamki, oʼz nihoyasiga yetkazilmagan.

Murojaatni oʼrganish jarayonida shu kunga qadar quruvchi tomonidan koʼp qavatli uyning poydevor qismi ham qurib bitkazilmaganligi maʼlum boʼldi. Tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan aniqlangan holat yuzasidan fuqaroga yetkazilgan zararlarni undirish toʼgʼrisida fuqarolik ishlari boʼyicha Qarshi tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi. Sud tomonidan “Grant Texno Qurilish Servis” MChJ hisobidan fuqaro А.B. foydasiga 210 million soʼm shartnoma boʼyicha toʼlangan toʼlov puli, 28 million 232 ming soʼm penya undirish toʼgʼrisida hal qiluv qarori chiqarildi. Shuningdek, javobgardan 10 million 658 ming soʼm davlat boji undiriladigan boʼldi.


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00