
16.11.2023
Bag‘dod tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga tumanning "Samarqand" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi M.E. tomonidan murojaat kelib tushgan.
Iste'molchi murojaatida bildirishicha, u tuman markazidagi "Ishonch" savdo markazidan "Rosso Smart" rusumli televizorni 4 083 625 so‘mga xarid qilgan. Ammo sotuvchilar tomonidan boshqa televizor pulti berib yuborilgani sababli, undan foydalanishda turli muammolarga duch kelgan. Fuqaro savdo markaziga borib, ushbu masalada murojaat qilgan bo'lsa-da, hech qanday ijobiy natija bo'lmagan.
Tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida, sotuvda ekran diagonali 43 dyumli xuddi shu rusumdagi boshqa televizor bo‘lmaganligi sababli, iste'molchining roziligi bilan nuqsonli televizor ekran diagonali 32 dyumli televizorga almashtirilib, amaldagi qonunchilik talablari asosida, qayta hisob-kitob ishlari o‘tkazildi va ortiqcha summa iste'molchiga qaytarildi.