
23.11.2023
Quvasoy shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan shaharning A.Azizov ko‘chasida yashovchi S.A.ning xarid qilingan qurilish-pardozlash materialining nuqsonli chiqqanligi-yu, sotuvchi uni almashtirib bermayotganligi xususidagi murojaati o‘rganildi.
Iste'molchi murojaatida bayon qilishicha, u Farg‘ona shahridagi qurilish materiallari bozoridan 2 800 000 so‘mga gulqog‘oz xarid qilgan. Ammo quruvchi usta bir nechta rulondagi gulqog‘ozning gulida biroz farq borligini aytgan. Iste'molchi shu kunning o‘zidayoq, do'kon sotuvchisidan ularni almashtirib berishini so'ragan bo'lsa-da, talabi bajarilmagan.
Shu o‘rinda, ko‘pincha aholi va sotuvchilar o‘rtasida turli tushunmovchiliklarga sabab bo‘lib qolayotgan bir holatga e'tibor qaratish lozim. "Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 18-moddasiga ko‘ra, iste'molchi maqbul sifatdagi (hech qanday nuqsoni bo‘lmagan) nooziq-ovqat tovarini, uning qandaydir iste'mol xususiyatlari (rangi, fasoni, o‘lchami va hokazo) yoqmaganligi vaji bilan, xarid qilingan kunidan e'tiboran, 10 kun ichida almashtirib olish huquqiga ega. Faqatgina ushbu tovar "O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari"ning 1-ilovasida keltirib o‘tilgan "Zarur sifatdagi, qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlari ro‘yxati"ga kiritilmagan bo‘lsa bo‘lgani. Agar tovar ushbu ro‘yxatda bo‘lsa, demak u almashtirilmaydi. Lekin bu ushbu ro'yxatdagi tovarda nuqson aniqlansa ham almashtirilmaydi, degani emas. Qonunning 13-moddasiga ko‘ra, nuqsonli tovar qaytarib olinadi va almashtiriladi.
Iste'molchi S.A. xarid qilgan tovar ham yuqoridagi ro‘yxatga kiritilgan, lekin ushbu holatda iste'molchi gulqog‘ozning rangi yoki boshqa iste'mol xususiyati yoqmaganligini emas, xarid qilingan gulqog‘ozning ma'lum qismida gullari farq qilishini vaj qilib ko‘rsatmoqda. Bu holatda esa iste'molchi gulqog‘oz rulonlarining nafaqat gullari farq qiladigan qismiga, balki butun to‘plamni almashtirish talabini ham qo‘yishi mumkin bo‘ladi. Shahar jamiyati mutaxassisi tomonidan ushbu holatlar sotuvchiga tushuntirilgach, u gulqog‘oz rulonlari ichidan nuqsonli deb topilgan 700 000 so‘mlik qismini tezlikda almashtirib berdi.