
28.11.2023
Qashqadaryo viloyati Koson tumani Uyrot MFYda yashovchi fuqaro X.S tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ariza bilan murojaat qilib, elektr ta’minoti idorasi tomonidan xonadonida foydalanilgan elektr energiyasi bo‘yicha asossiz qarzdorlik hisoblanganligini ma’lum qilgan va mazkur qarzdorlikni bekor qilishda amaliy yordam so‘ragan.
Fuqaroning murojaati asosida olib borilgan o‘rganishlarda, tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan iste’molchining xonadoniga hisoblagich ko‘rsatgichlaridan ortiqcha elektr sarfi hisoblanishi oqibatida 8 million 645 ming so‘m noqonuniy qarzdorlik keltirib chiqarilganligi aniqlandi.
Murojaatni o‘rganish natijalariga ko‘ra, iste’molchiga hisoblangan asossiz qarzdorlikni bekor qilish to‘g‘risida fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi. Sud tomonidan to‘plangan hujjatlar atroflicha ko‘rib chiqilib, iste’molchining zimmasidagi 8 million 645 ming so‘m noqonuniy qarzdorlikni bekor qilish va uning hisobidan chiqarish to‘g‘risida qaror chiqarildi.
Shuningdek, tumandagi Rahimso‘fi MFYda yashovchi fuqaro O.A murojaati o‘rganilib, uning xonadonida foydalanilgan elektr energiyasiga nisbatan ortiqcha hisoblangan 10 million 760 ming so‘m, Arabxona MFYda yashovchi fuqaro I.Uga nisbatan asossiz hisoblangan 1 million 891 ming so‘m qarzdorliklar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga da’vo arizasi kiritish tartibida bekor qilinishi va iste’molchilarning hisobidan chiqarilishi ta’minlandi.