Telegram-bot Virtual qabulxona

06.12.2023

Yuksak huquqiy madaniyat orqali farovon jamiyat sari!

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan ajratilgan grant loyihasi doirasida Buxoro viloyat isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish hududiy birlashmasi tomonidan "Yuksak huquqiy madaniyat orqali farovon jamiyat sari" shiori ostida qator ko‘rik-tanlovlar tashkil etildi. "Yuksak isteʼmol madaniyati sari" shiori ostida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov uch bosqichda o‘tkazilib, Buxoro viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi, Buxoro viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi bilan hamkorlikda 534 ta maktab o‘quvchi yoshlari ushbu tanlovga keng qamrab olindi.

Ko‘rik tanlov uch bosqichda o‘tkazilib, dastlab maktab, tuman va shahar, viloyat bosqichlarida 9-11 sinf o‘quvchi yoshlari o‘zaro kuch sinashishdi. Joriy yilning 4 dekabr kuni tanlovning yakuniy viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Yoshlar Markazi binosida ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovda yoshlar halol raqobat, shaffoflik tamoyillari asosida bilimlarini sinovdan o‘tkazib insholar, videoroliklar hamda ko‘rgazmali taqdimot yo‘nalishlarda yuqori natijalarni qayd etishdi.

Tanlov tashkilotchilari Buxoro viloyat isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish hududiy birlashmasi raisi J.Mutaxarov hamda NNT assotsiatsiyasi Buxoro viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari J.Boltayev tomonidan taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Uchta yo‘nalishda birinchi o‘rinni egallagan ishtirokchilarga zamonaviy planshet, ikkinchi o‘rin egalariga zamonaviy so‘nggi rusumdagi smartfon hamda uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritganlarga o‘quv qurollari va kitob xarid qilishlari uchun 1 000 000 so‘mlik vaucherlar topshirildi. Bu kabi loyihalar yoshlar orasida isteʼmol madaniyatini keng targ‘ib qilishda ustuvor dasturamal bo‘lib xizmat qiladi.


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00