
12.12.2023
Qashqadaryo viloyati Nishon tumani, Baynalminal mahallasida yashovchi fuqaro А.S. tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, avtosalondan yangi sotib olingan ONIX rusumli avtomashinaning motor qismida nosozliklar kuzatilganligi, avtosalon esa nosoz avtomashinani almashtirib berishdan bosh tortayotganligi xususida maʼlum qilgan.
Murojaatni oʼrganish jarayonida, maxsus ruxsatnomaga ega bo’lgan ustaxona tomonidan avtomashinaning motor qismida nuqsonlar yuzaga kelishi sabablari oʼrganilganda, nosozliklar sifatsiz yonilgʼi oqibatida kelib chiqqanligi aniqlandi. Yaʼni, avtomashina yonilgʼi bakidagi avtobenzindan namuna olinib, tahlillar oʼtkazilganda, uning tarkibida oktan moddasi miqdori belgilangan meʼyorlardan ortiqcha ekanligi va sifatsizligi maʼlum boʼldi.
Oʼrganishlar davomida avtomashina egasi А.S. tomonidan ushbu sifatsiz yonilgʼi Qarshi shahridagi “SOFGO” MChJga qarashli yoqilgʼi quyish shoxobchasidan sotib olinganligi bildirildi.
Mazkur holat yuzasidan jamiyat xodimlari tomonidan yoqilgʼi quyish shoxobchasi mutasaddilariga amaldagi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik talablari tushuntirildi va avtomashinaga yetkazilgan 10 million 700 ming soʼm miqdoridagi zarar mazkur shaxobcha tomonidan toʼlab berilishi taʼminlandi.