
13.12.2023
Elektr energiyasini tejab ishlatish haqida hech oʼylab koʼrganmisiz? Uyingizda chiroq oʼchib qolsa, birinchi harakatni nimadan boshlaysiz? Ushbu yorugʼlik manbasini ishlab chiqarish mashaqqatlari boʼyicha tushunchalaringiz qanday?
Dunyoning koʼplab davlatlarida elektr energiya taqchilligi kuzatilayotgan va uning narx-navosi oshayotgan bir paytda, energiya samaradorligi va tejamkorligiga erishish barchamizning oldimizda turgan katta burch va vazifaga aylanmogʼi shart.
Prezidentimiz tomonidan aholini elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlash barobarida ushbu manbadan samarali va tejamkorlik bilan foydalanish chora-tadbirlari belgilanayotgani ham bejiz emas. Negaki, yildan-yilga tabiiy resurslarning kamayib borishi va elektr energiyasiga boʼlgan talabning ortishi kuzatilayotganda, uning samaradorligi va tejamkorligi ham oʼta muhim vazifalar sanaladi.
Prezidentimizning 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori ijrosi samaradorlik va tejamkorlik bilan bogʼliqdir.
Energiya samaradorligi va energiya tejovchi texnologiyalarni keng joriy etishga har birimiz masʼulmiz. Mazkur talablar nafaqat aholi, balki davlat tashkilotlari masʼullari zimmasiga ham katta javobgarlik yuklaydi.
Keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda elektr energiyasi uzilishlari boʼyicha koʼplab tanqidiy fikrlarni oʼqiymiz. Аlbatta, isteʼmolchilar doim haq. Lekin biron bir fuqaroning yoki tashkilot vakilining elektr energiyasini samarali va tejab ishlatish borasidagi mulohazasiga, afsuski, koʼzimiz tushmaydi. Nazarimizda, aynan shu ikki mezon tengligiga erishish, aholi va isteʼmolchilarni elektr energiyasidan foydalanish madaniyatini yuksaltirish asosiy vazifa boʼlmogʼi lozim. Qolaversa, dunyoning koʼplab mamlakatlarida energiya isteʼmoli masalalari energiya samaradorligini oshirish boʼyicha davlat siyosati va maxsus dasturlar orqali tartibga solinadi.
Shu oʼrinda bir jihatni alohida qayd etish lozim. Oʼzbekistonda bir yilda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi hajmi bilan isteʼmol hajmi orasidagi tafovut qancha? Аlbatta, bu hukumatlararo kelishuvlarga asosan qoʼshni davlatlardan import qilinayotgan elektr energiyasi miqdori bilan bogʼliqdir. Misol uchun, Turkmanistondan import, Tojikiston va Qirgʼizistondan mavsumiy amaliyotlar, Qozogʼistondan “oldi-berdi” shartlarida elektr energiyasi tranziti amalga oshiriladi.
Yuqoridagilardan xulosa shuki, qimmatli energiya resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish-burch darajasiga koʼtarilmogʼi lozim. Buning uchun foydalanilmayotgan elektr jihozlari va yoritish uskunalarini tarmoqdan uzib qoʼyish, yaʼni idora yoki yashash joylaridan chiqayotganingizda elektr jihozlarini oʼchirib, tarmoqdan uzish orqali tejamkorlik tomon harakat qilgan boʼlasiz. Koʼcha-kuyda, mahallada, dam olish hududlari va boshqa jamoat joylarida foydalanilmayotgan elektr jihoz va qurilmalarini tarmoqdan uzib qoʼyishni talab qilsangiz, energiya tejamkorligi va samaradorligi boʼyicha jamoatchilik nazoratini oʼrnatgan boʼlasiz.
Koʼrinib turibdiki, elektr energiyasini tejovchi qurilmalardan foydalanish va energiyani tejash boʼyicha keng jamoatchilik orasida targʼibot ishlarini tashkil etish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Koʼkdala tuman jamiyati tomonidan “Tejamkorlik-yarim boylik” mavzusidagi davlat granti loyihasi doirasida tumandagi maktabgacha va maktab taʼlimi, tibbiyot muassasalari ishchi-xodimlari hamda mahallarning faol fuqarolari ishtirokida “Tejamkorlik-barqarorlik” mavzusida trening mashgʼulotlari olib borilmoqda. Treninglarda muqobil energiya manbalaridan foydalanishni yoʼlga qoʼyish va uning ahamiyati, elektr energiyasini tejashning foydali xususiyatlari, energiya tejovchi qurilmalardan keng foydalanish orqali elektr energiyasini tejash usullari haqida batafsil maʼlumotlar berilayapti.
Xususan, bunday tadbirlar tuman tibbiyot birlashmasi, tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʼlimi va mahallarda tashkil etildi va energiya tejash va muqobil energiya manbalaridan foylanish borasidagi imtiyozlar xususida keng jamoatchilikning xabardorligi oshirildi hamda kam energiya sarflovchi qurilmalar, ularning savdo belgilari, elektr energiyasini tejashning ahamiyati xususida sodda va tushunarli tarzda maʼlumot va axborotlar yetkazildi.
Oʼtkazilgan tajьirlarda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollar javoblar berildi hamda elektr taʼminoti sohasida ularni qiynab kelayotgan masalalar yuzasidan murojaatlar qabul qilinib, ijrosi yuzasidan amaliy ishlar olib borildi.
Аlbatta, energiyani tejash koʼp jihatlarga bogʼliq. Shu bilan birga oddiy, mayda xatti-harakatlar ham bunda muhim hisoblanadi. Bu jarayon shaharsozlik, uy-joy kommunal, sanoat korxonalaridan tortib kichik va oʼrta biznes obʼektlariga zamonaviy, raqamli dasturlar asosida ishlaydigan uskuna va jihozlarni kiritishni talab etadi.
Birinchi navbatda, choʼgʼlanma lampalardan tamoman voz kechmoq kerak. Uning oʼrnini zamonaviy tejamkor lampalar egallamogʼi lozim.Qolaversa, koʼp quvvat talab etadigan suv nasoslari va boshqa elektr dvigatelь qurilmalarini zamonaviy va ixcham, eng muhimi, kam quvvat talab qiladigan qurilmalarga almashtirish shart.
Muxtasar aytganda, bugun barchamiz “energetik menejment”ga oʼrganishimiz, hech boʼlmaganda, tunu kun shunchaki yoniq turadigan chiroqlarni oʼchirib yurishga odatlanishimiz kerak. Bu ishlar bizdan mablagʼ soʼramaydi, shunchaki bizdan biroz masʼuliyatli boʼlishni talab etadi, xolos.
Erkin ChORShАNBIEV
Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Koʼkdala tumani jamiyati raisi.
Loyiha xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik boʼyicha Jamoat komissiyasi qaroriga asosan Kengash huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʼllab-quvvatlash Jamoat fondining davlat granti mablagʼlari hisobiga amalga oshirilmoqda.