
01.11.2021
Chortoq tumanida yashovchi Husniddin Joʻrayev “HALOL GOʻSHT EXPORT” MCHJ bilan 27 million soʻmlik shartnoma tuzadi.
Ikkala tomonning oʻzaro bitimiga koʻra, MCHJ yuqoridagi mablagʻ evaziga fuqaroga “Har bir oila – tadbirkor” Davlat dasturi doirasida zotli quyonlarni yetkazib berishi kerak edi. Ammo shartnomadagi quyonlar “quyon” boʻlib qolsa deng! Yaʼni MCHJ nomi kabi halol boʻlmay, quyonlarni berishdan bosh tortib keladi.
Chorasiz qolgan H. Joʻrayev Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga yordam soʻrab murojaat qiladi. Shundan soʻng ish Fuqarolik ishlari boʻyicha Yangiqoʻrgʻon tumanlararo sudiga oshiriladi.
Sud jabrlanuvchi foydasiga qaror chiqaradi. “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasiga koʻra, MCHJ tomonidan keltirilgan zarar hamda maʼnaviy zarar – jami 27 mln 500 ming soʻm daʼvogar foydasiga undirib berildi.