
18.12.2023
Chust tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tumanning Maxsum koʻchasida yashovchi Sh.X.ning elektr energiyasi toʻlovlarida yuzaga kelgan tushunmovchilikka oydinlik kiritib berilishida amaliy yordam koʻrsatilishini soʻrab qilgan murojaati oʻrganildi.
Murojaatchining soʻzlariga koʻra, u isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun toʻlovlarni vaqtida toʻlab kelayotgan boʻlsa-da, elektr taʼminoti korxonasi tomonidan bir million sakkiz yuz ming soʻm qarzdorlik yuzaga kelganligi va uni bartaraf qilish lozimligi maʼlum qilingan.
Oʻtkazilgan oʻrganish ishlarida qarzdorlik elektr taʼminoti korxonasi masʼullari tomonidan xonadonga hisoblagich oʻrnatilishi va keyinchalik koʻrsatkichlarni bazaga kiritib borilishi jarayonida yoʻl qoʻyilgan xatolik tufayli kelib chiqqanligi hamda qarzdorlik penyalari bilan qoʻshib hisoblanganda bir million sakkiz yuz oltmish ikki ming soʻmni tashkil qilganligi maʼlum boʻldi. Oʻrganish ishlari davomida yuzaga kelgan qarzdorlik asossiz deb topilib, uni isteʼmolchining majburiyatidan soqit qilish chora-tadbirlari koʻrildi va fuqaroning hisobidan qarzdorlik chiqarilib, bir million yetti yuz oltmish yetti ming soʻm haqdorlik eʼtirof qilindi.