
20.12.2023
Namangan tumani Katta Toshbuloq MFY Bogʻzor koʻchasi 24-uyda yashovchi fuqaro F. Qohhorova Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish Namangan tumani ijro etuvchi apparatiga joriy yilning 15-dekabr kuni murojaat etgan. Murojaat mazmuniga koʻra, fuqaro Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanida joylashgan "UNITED BIZNES TRADE CENTER" MCHJga qarashli "Imkon" savdo markazidan umumiy qiymati 7 905 000 ( yetti million toʻqqiz yuz besh ming) soʻm boʻlgan ARTEL 12 Baraka invertor konditsionerini muddatli toʻlov asosida 12 oyga boʻlib toʻlash uchun shartnoma rasmiylashtirganini maʼlum qilgan. Xizmat koʻrsatilib, mahsulot yetkazib berilgandan 1 oy muddat oʻtmay mahsulotda nuqson borligi sababli isitish funksiyasi samara bermagan. Natijada fuqaro savdo markazi bilan bogʻlanib mahsulotni nuqsoni borligi sababli shartnomani bekor qilinishini soʻragan. Savdo markazi mutaxassislari fuqaroning shartnomasini bekor qilinishini imkoni yoʻqligini aytib, oylik toʻlovini amalga oshirishni soʻrashgan. Yuqoridagi holat boʻyicha fuqaro norozilik bildirib, murojaati yuzasidan amaliy yordam soʻrab ogʻzaki tartibda ariza qilgan.
Murojaat Namangan tumani ijro etuvchi apparati mutaxassislari tomonidan oʻrganib chiqildi.
Oʻrganish natijasida fuqaro F. Qohhorovaning 7 905 000( yetti million toʻqqiz yuz besh ming) soʻmlik shartnomasi bekor qilinib, nuqsonli mahsulot sotuvchiga qaytarildi. Murojaat Isteʼmolchi foydasiga ijobiy hal etildi.