
25.12.2023
Sotib olingan mahsulotlarda kamchilik mavjudligi sabab, ayrim holatlarda esa keyinchalik boshqa isteʼmol xossalari mos kelmaganda (oʻlchami biroz mos kelmasligi yoki rangi yoqmasligi) ularni almashtirish uchun sotuvchiga murojaat qilamiz. Baʼzi savdo obʼektlaridagi «Sotilgan tovarlar qaytarib olinmaydi» qabilidagi yozuvlar yoki sotuvchilarning tovarlarni qaytib olishni rad etishi qanchalik qonunchilikka toʻgʻri keladi?
Tasavvur qiling, bozordan yoki qaysidir doʻkondan oʻzingiz yoki uydagi farzandingiz uchun oyoq kiyim xarid qildingiz. Lekin oyoq kiyim oʻlchami toʻgʻri kelmadi yoki rangi sizga maʼqul kelmayapti. Sotib olgan joyingizga qaytib kelganingizda, shunchaki «Sotilgan tovarlar qaytarib olinmaydi», degan yozuv koʻrsatilib, sizning talablaringiz qanoatlantirilmayapti.
Yoki aytaylik oʻzingiz uchun koʻylak sotib oldingiz. Uni uyda qayta kiyib koʻrilganda sifatsizligidan matosi ham, tikilishi ham narxiga toʻgʻri kelmasligi maʼlum boʻldi. Yoki sotuvchi tomonidan «yuvib-yuvib kiyasiz, hech narsa qilmaydi, bu falon firmaniki…» deb qoʻlingizga tutqazilgan qimmatbaho ust-bosh ham bir yuvilganda rangi chiqib, choklari soʻkilib, kirishib ketib, yaroqsiz holga kelib qolsa-chi? Bunda isteʼmolchilar qanday yoʻl tutishi kerak?
OʻIHHQJF Namangan shahar ijro etuvchi apparatiga fuqaro F.Rahmonovadan xuddi shu mazmundagi murojaat kelib tushdi. Murojaatda bayon etilishicha F.Rahmonova Namangan shaharda joylashgan “Doʻstlik” savdo markazidan qishki kiyim hamda oyoq kiyimni jami 550.000 soʻmga xarid qiladi. Lekin olgan mahsulotlari sifatsizligi, kurtka yozuvlari bir kunda koʻchib tushgani va oyoq kiyimi xam sifatsiz chiqqanligi sababli ertasiga sotuvchiga qaytib olib borilganda almashtirib bermaganidan norozi boʻlib, amaliy yordam soʻragan.
Ushbu murojaat Namangan shahar IHHQJ ijro etuvchi apparati xodimlari tomonidan oʻrganildi.Oʻrganish davomida fuqaro koʻrsatgan manzilda joylashgan savdo doʻkoni sotuvchilariga «Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida»gi qonunning 18-moddasida fuqarolar maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan eʼtiboran 10 kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga, bunday tovar sotuvda boʻlmasa, pulini qaytarib olishga haqli ekani toʻgʻrisida tushuntirishlar berildi. Natijada fuqaro tomonidan sotib olgan mahsulotlari doʻkonga qaytarilib, toʻlangan 550000 (besh yuzi ellik ming) soʻm naqd pul qaytarib olib berishga erishildi.