
06.01.2024
Iste’molchi istalgan tovar-mahsulot haqida xarid qilishdan oldin to‘liq ma’lumot olish huquqiga egaligi ko‘pchilikka ma’lum. Ko'plab tadbirkorlar bu borada tushunchaga ega bo‘lishsa-da, gohida iste’molchilarning huquqlariga nisbatan bepisandlik bilan qarash holatlariga guvoh bo‘lamiz.
Buxoro shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro V.N. ham Buxoro shahrida joylashgan mobil vositalar savdo do‘konidan sotuvchi bergan ma’lumotiga ishonib, "Redmi Note 11" smartfonini 1 700 000 so‘m evaziga xarid qilgan. Uyga borib, foydalanish mobaynida telefonning "Redmi Note 10" ekani ma'lum bo'lgan. Tadbirkor bilan murosaga kela olmagach, amaliy yordam so‘rab Buxoro viloyat iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hududiy birlashmasi ishonch telefoni orqali og‘zaki murojaat qoldirgan.
Hududiy birlashma xodimlari tomonidan murojaat joyiga chiqib o‘rganilib, tadbirkorga zaruriy tushuntirishlar berilgach, iste’molchiga noto‘g‘ri ma’lumot berib sotilgan smartfon uchun to‘langan to‘lov to‘liq qaytarib berildi.