
09.01.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”da “Ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan koʻp kvartirali uy-joylar va yotoqxonalarda yashaydigan maishiy iste'molchilar tomonidan foydalaniladigan elektr energiyasi haqi amaldagi tarifning 50 foizi miqdorida toʻlanadi” deb belgilangan. Bunday imtiyozga ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan koʻp kvartirali uy-joylar va yotoqxonalarda yashaydigan iste'molchilar ega hisoblanadi.
Biroq elektr ta'minoti idoralari tomonidan yuqoridagi imtiyozga ega iste'molchilarga ham toʻliq tarif boʻyicha toʻlovlar hisoblash holatlari mavjud. Qarshi tumanida yashovchi fuqaro D.Y. tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, elektr ta'minoti korxonasi bilan 50 foizlik tarif boʻyicha shartnoma rasmiylashtirib, toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirib kelayotgan boʻlsa-da, uning xonadoniga 100 foizlik tarif asosida toʻlov hisoblanganligi va 1 333 000 soʻm asossiz qarzdorlik chiqarilganligini ma'lum qilgan.
Iste'molchining murojaati tegishli tartibda oʻrganilib, unga nisbatan amaldagi qoidalarga zid tarzda hisoblangan qarzdorlikni bekor qilish toʻgʻrisida fuqarolik ishlari boʻyicha Qarshi tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritildi va sud tomonidan asossiz qarzdorlik bekor qilindi.