
15.01.2024
Qarshi tumani "Parvoz" mahallasi, 35-koʻp qavatli uyda yashovchi fuqarolar R.Sattorov, D.Lapasov, E.Achilov, H.Karimov va B.Artiqovlar Qarshi shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, elektr ta'minoti korxonasi bilan 50 foizlik tarif boʻyicha shartnoma rasmiylashtirganliklari va elektr haqini toʻlab kelishgani, biroq shunga qarmasdan xonadonlarida foydalanilgan elektr energiyasi uchun asossiz qarzdorliklar hisoblanganligini ma'lum qilishgan.
Murojaat asosida olib borilgan oʻrganishlarda, Qarshi shahar elektr ta'minoti korxonasi tomonidan iste'molchilarning 50 foizlik imtiyozi inobatga olinmasdan, R.Sattorovning xonadoniga 15 211 740 soʻm, D.Lapasov xonadoniga 6 490 089 soʻm, E.Achilov xonadoniga 6 647 864 soʻm, H.Karimov xonadoniga 9 458 620 soʻm va B.Artiqovning xonadoniga 6 142 620 soʻm, jami 43 951 122 soʻm asossiz qarzdorliklar hisoblanganligi aniqlandi.
Ma'lumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”da “Ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan koʻp kvartirali uy-joylar va yotoqxonalarda yashaydigan maishiy iste'molchilar tomonidan foydalaniladigan elektr energiyasi haqi amaldagi tarifning 50 foizi miqdorida toʻlanadi” deb belgilangan. Bunday imtiyozga ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan koʻp kvartirali uy-joylar va yotoqxonalarda yashaydigan iste'molchilar ega hisoblanadi.
Iste'molchilarning murojaati asosida ularga nisbatan amaldagi qoidalarga zid tarzda hisoblangan qarzdorlikni bekor qilish toʻgʻrisida fuqarolik ishlari boʻyicha Qarshi tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritildi va sud tomonidan asossiz qarzdorlik va unga hisoblangan penya bekor qilindi. Shuningdek, qonunbuzilish holatiga yoʻl qoʻygan Qarshi shahar elektr ta'minoti korxonasidan 660 000 soʻm davlat boji undirildi.