
16.01.2024
2024-yil 20-yanvardan boshlab yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari hamda “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” tez yurar poyezdlarining chiptalar narxi 20 foizga oshishi eʼlon qilindi. Poyezdda yurishga oid imtiyozlar haqida batafsil bilib oling!
1. Kimlar poyezdga navbatsiz chipta olishi mumkin?
Poyezdga chipta kassalarida quyidagi shaxslar navbatsiz chipta olish huquqiga ega:
– Sovet Ittifoqi Qahramonlari va uch darajadagi Shon-shuhrat, “O‘zbekiston Qahramoni”, “Sog‘lom avlod uchun” ordenlari va “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganlar;
– urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslar va urush qatnashchilari hamda ularga tenglashtirilgan shaxslar;
– Chernobil AESda avariya oqibatlarini bartaraf etish ishlarida qatnashgan shaxslar;
– Oliy Majlis senatorlari va deputatlari;
– Ichki ishlar vazirligi xodimlari;
– “Faxriy temiryo‘lchi” nishoni bilan taqdirlangan shaxslar.
Shuningdek, 10 yoshgacha (bu yoshga to‘lgan) bolali yo‘lovchilarga, yo‘llanma asosida sanatoriya-kurort davolanishiga borayotgan 10 yoshdan katta kasal bolalarni kuzatib borayotganlarga chipta olishda ustunlik huquqi beriladi.
2. Bolalarni poyezdda bepul olib yurish mumkinmi?
Yo‘lovchi o‘zi bilan 5 yoshgacha bitta bolani alohida joy berilmasdan bepul olib yurishi mumkin. Agar ota-ona birga ketayotgan bo‘lsa, ikkalasi bittadan jami 2 ta bolani o‘zi bilan aholida joy bermasdan bepul olib ketishi mumkin.
Bitta yo‘lovchi bilan bittadan ko‘p 5 yoshgacha bola ketayotgan bo‘lsa, ulardan biri bepul ketadi, qolganlari esa chiptani 50 foiz chegirma bilan sotib olib alohida joy band qilib ketadi.
5 yoshdan 10 yoshgacha bolalar uchun ham chipta 50 foiz chegirma bilan sotiladi.
10 yoshdan oshgan bolalar uchun chiptalar kattalar sifatida sotib olinadi.
3. Poyezdda kimlar bepul yurishi mumkin?
Poyezdda yiliga bir marta bepul yurish huquqi (borish va kelishga) quyidagi shaxslarga beriladi:
Sovet Ittifoqi Qahramonlari va Shon-shuhrat ordenining uchta darajasi bilan taqdirlangan shaxslarga;
yarador bo‘lgan harbiy xizmatchilar, ishchilar va xizmatchilardan 1 va 2-guruh urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
Chernobil AES dagi avariyani bartaraf etuvchilari-nogironligi bo‘lgan shaxslarga.
3-guruh urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar esa yiliga bir marta (borish va kelishga) poyezd chiptaini 50 foizli chegirma bilan xarid qilishlari mumkin.
Imtiyozli chipta olish uchun kassaga chegirma olish huquqini beruvchi: “Urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxs guvohnomasi”, “Urush qatnashchisi guvohnomasi” yoki “Imtiyozga huquqi to‘g‘risida guvohnoma” hujjatlardan biri berilishi kerak.
“Faxriy temiryo‘lchi” nishoni bilan taqdirlangan xodimlar yil mobaynida MDH bo‘ylab bepul yurish huquqiga (borish va kelishga) ega.
4. Guruh bo‘lib poyezdga chipta olsa, qancha chegirma beriladi?
10 va undan ortiq yo‘lovchidan iborat guruhlarga chiptalarining narxidan quyidagi chegirmalar taqdim qilinadi:
a) harakat yo‘nalishining umumiy masofasi 2000 km gacha bo‘lganda (boshqa poyezdga o‘tishni hisobga olib):
guruhdagilar soni 10 nafardan 24 nafargacha bo‘lganda chiptalarning umumiy to‘liq qiymatidan 10 foiz;
guruhdagilar soni 25 nafar va undan ortiq bo‘lganda chiptalarning umumiy to‘liq qiymatidan 15 foiz;
(masalan, Xorazmgacha 10 kishilik chipta olinsa va uning narxi 3 mln so‘m bo‘lsa, unda 10 foiz yaʼni 300 ming so‘m chegirma beriladi)
b) harakat yo‘nalishining umumiy masofasi 2000 km dan ortiq bo‘lganda (boshqa poyezdga o‘tishni hisobga olib):
guruhdagilar soni 10 nafardan 24 nafargacha bo‘lganda chiptalarning umumiy to‘liq qiymatidan 20 foiz;
guruhdagilar soni 25 nafar va undan ortiq bo‘lganda chiptalarning umumiy to‘liq qiymatidan 30 foiz.
(masalan, Moskvagacha 10 kishilik chipta olinsa va uning narxi 3 mln so‘m bo‘lsa, unda 20 foiz yaʼni 600 ming so‘m chegirma beriladi)
5. Poyezddan qolib ketganda chiptani qaytarish mumkinmi?
Chipta sotib olinib undan foydalanilmaganda, yaʼni yo‘lovchi jo‘nab ketmaganda, chiptani kassaga yoki onlayn qaytarish mumkin.
Chipta poyezd jo‘nashigacha 24 soatdan kechiktirmay topshirilganida, puli to‘liq qaytariladi.
Foydalanilmagan chipta 24 soatdan kamroq, biroq poyezd jo‘nashigacha 6 soatdan kechiktirmasdan qaytarilganda chipta qiymati va plaskartaning 50 foiz qiymati qaytariladi.
Chiptaning to‘liq qiymati ikkiga bo‘linadi, ular chipta qiymati va plaskarta qiymati, odatda chipta qiymati ko‘p bo‘lmaydi, plaskarta qiymati esa bosib o‘tiladigan yo‘l uchun asosiy haq bo‘ladi, masalan chipta 100 ming so‘m bo‘lsa, taxminan 20 ming so‘m chipta qiymati, 80 ming plaskarta qiymati bo‘lishi mumkin.
Foydalanilmagan chipta 6 soatdan kamroq, biroq poyezd jo‘nagandan keyin 3 soatdan kechiktirmasdan qaytarilganda chipta qiymati qaytariladi, plaskartaning qiymati qaytarilmaydi.
Har qanday holatda chipta qaytarilganda 15 ming so‘m qaytarish xizmati uchun to‘lov undirib qolinadi.
Chipta qaytarilganda, uning puli 3 ish kunidan 15 ish kunigacha plastik kartaga o‘tkazib beriladi.