Telegram-bot Virtual qabulxona

01.11.2021

NNTlar jamiyat hayotidagi eng dolzarb muammolarni hal etishda yelkadosh boʻlmoqda

Oʼzbekiston xalqi muhim siyosiy jarayon arafasida turibdi – prezidentlikka saylov boʼlib oʼtadigan kun tobora yaqinlashmoqda.
Bugungi kunda demokratik saylovlarni nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ishtirokisiz tasavvur qilib boʼlmaydi. Аyni paytda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan Nodavlat notijorat tashkilotlari Prezidentlik sayloviga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish jarayonida barcha ishtirokchilarning huquqiy hamda elektoral madaniyatini oshirishga doir keng miqyosdagi tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda.

Yaqin tarixdan maʼlumki, nodavlat notijorat tashkilotlari ehtiyojlari tizimli tahlil qilinmagani, davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari oʼrtasida konstruktiv muloqot yoʼlga qoʼyilmagani, davlat va jamiyat hayotiga doir muhim masalalar boʼyicha oʼzaro fikr almashish uchun maydonlar yaratilmagani ularni nomigagina faoliyat yurituvchi tashkilotlarga aylantirib qoʼygan edi.

Ularning ijtimoiy mavqeini oshirish u yoqda tursin, minglab NNTlarning hatto oʼtirib ishlaydigan joyi ham yoʼqligi hech kimni oʼylantirmas edi. Аksari NNT rahbarlari tashkilot muhrini yonida olib yurib, faoliyat yuritgani hech kimga sir emas.

Oʼzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida ijro hokimiyati uchun jamoat tashkilotlari jiddiy va teng huquqli, shu bilan birga, hurmatga loyiq hamkor sifatida namoyon boʼla boshladi. Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining nufuzi orta boshladi. Bugun NNTlar jamiyat hayotidagi eng dolzarb, aholini oʼylantirayotgan, ularning muayyan qatlamini tashvishga solayotgan muammolarni hal etishda davlat hokimiyati organlariga yelkadosh boʼlib kelmoqda.

Аyni paytda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 10 mingdan ortiq NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari dolzarb ijtimoiy muammolarni hal etishda mahalliy davlat boshqaruvi va ijro organlariga koʼmakdosh boʼlib kelmoqda. Mazkur institutlar fuqarolarning salohiyatini roʼyobga chiqarish, ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy faolligini oshirish, jamiyatda manfaatlar muvozanatini taʼminlashda munosib oʼrin tutadi.

Turgan gapki, Yangi Oʼzbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlariga qaratilayotgan eʼtibor, yangi tashabbus va takliflar ularni faollikka, tashabbuslarga undamoqda.

Buni soʼnggi yillar ichida Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiya tizimida amalga oshirilgan ishlar misolida ham koʼrishimiz mumkin.

Bugungi kunda tizimda 14 hududiy birlashma, 197 tuman (shahar) jamiyatlari faoliyat koʼrsatib, xodimlar umumiy soni 1218 nafarni tashkil etadi. Shuningdek, Federatsiyaning tashkilot, korxona, muassasa, oʼquv yurtlarida 4986 ta «Tayanch guruh»lari tashkil etilgan boʼlib, federatsiya aʼzolari soni 578 162 nafarni tashkil etadi.

2017-2021 yillar davomida Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan qariyb 50 milliard soʼm mablagʼ isteʼmolchilar foydasiga hal etilgan.

Jamoat tashkilotlari ichida birinchilardan boʼlib Federatsiyaning yagona 1091 qisqa raqamli «ishonch telefoni» tashkil etildi. 2018 yilda Federatsiya Xalqaro isteʼmolchilar tashkiloti (Consumers International)ning toʼlaqonli aʼzoligiga qabul qilindi.

Federatsiya mamlakatni sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy jihatdan yanada rivojlantirish boʼyicha innovatsion gʼoyalar va tashabbuslarni ilgari surib, turli ijtimoiy loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Аlbatta, ilgari surilgan takliflar, oʼrtaga tashlangan har bir tashabbus oldimizda turgan maqsad va vazifalar haqida aniq tasavvur berish barobarida, masʼuliyat hissini ham yuklaydi. Jumladan, «Obod xonadon – yurt koʼrki», «Orolboʼyini obod etaylik» loyihalari ishlab chiqildi va muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Yurtimizning turli goʼshalarida, tuman va shaharlarida 50 dan ortiq «Isteʼmolchi kutubxonalari» va «Isteʼmolchilar uyi» qurib foydalanishga topshirildi.

2019 yil 14-19 yanvarь kunlari «Birinchi Yevropa va Osiyo mamlakatlari isteʼmolchilari Forumi»ning respublikamizning Toshkent va Samarqand shaharlarida yuqori saviyada oʼtkazildi.

Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiya jamoasi 24 oktyabrь kuni boʼlib oʼtadigan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi faol ishtirok etadi va Vatan taqdiri, istiqboli uchun befarq emasligini namoyish etadi.


 

                                                                                                                                                                            Jahongir SARIMSOQOV,

                                                                                      Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00