
24.01.2024
Quvasoy shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan Yangiyer qishlog‘ida yashovchi M.N.ning xarid qilgan oshxona anjomlarinining sifatsiz chiqqanligi holati yuzasidan qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste'molchi o‘z murojaatida, Quvasoy shahrining Markaziy dehqon bozori hududidagi savdo do‘konidan 2 300 000 so‘mga oshxona anjomlari jamlamasi (chinni choynak, piyola, likopcha va hokazolar)ni xarid qilganligi, uyga olib kelganida ularning ichidan yaroqsizlari chiqqanligi, sotuvchidan to‘plam ichidagi yaroqsizlarini sifatlisiga almashtirib berishini so‘rab qilgan murojaati esa ijobiy yechim topmaganligini ma'lum qiladi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste'molchi o‘ziga sotilgan to‘plamlar, garniturlar, komplektlar va komplekslarning mustaqil tarkibiy qismi bo‘lgan va mustaqil narxga ega bo‘lgan buyumlarda nuqsonlar borligini aniqlagan taqdirda, butun to‘plam, garnitur, komplekt va kompleksga nisbatan ham, ularning nuqsonlari bor mustaqil tarkibiy qismlariga nisbatan ham o‘zining qonuniy talablarini qo‘yish huquqiga ega.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, jamiyat xodimlari sotuvchi bilan uchrashib, qonunchilik talablarini tushuntirishlari natijasida, iste'molchi o‘z kuchi bilan hal qila olmagan masalaga qonuniy yechim topildi. Xarid qilingan oshxona anjomlarining nuqsonlilari sifatlisiga almashtirilib, iste'molchining huquqi himoya qilinishiga erishildi.