Telegram-bot Virtual qabulxona

25.01.2024

Sifatsiz mahsulot uchun to'langan 9 600 000 so'm iste'molchiga qaytarildi

Qamashi tumani "Qorabogʻ" mahallasi, "Mangʻit" qishlogʻida yashovchi J.X. Qarshi shahrida joylashgan “Ekspress temir beton servis” MChJdan 20 metr kub beton mahsulotini 9 million 600 ming soʻmga sotib olgan. Biroq ushbu mahsulot uy poydevoriga ishlatilgach, uning sifatsizligi ma'lum boʻlgan. Fuqaroning bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ishonch telefoni orqali qilgan murojaati Qarshi shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan oʻrganildi.

Aniqlanishicha, iste'molchi bilan kelishuvga koʻra, MChJ tomonidan unga M-150 markadagi beton mahsuloti tayyorlab berilgan. Ammo bunday markadagi beton mahsuloti uy poydevorini qurish uchun yetarli mustahkamlikni ta'minlamaydi. Iste'molchi esa bu haqda zarur ma'lumotga ega emasligi ma'lum boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasida “Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste'molchiga oʻzi realizasiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida oʻz vaqtida zarur, toʻgʻri va tushunarli ma'lumot berishi shart” deb belgilab qoʻyilgan.

Amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq, beton mahsulotini sotib olish uchun toʻlangan 9 million 600 ming soʻm iste'molchiga qaytarilishi ta'minlandi.
 


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00