
26.01.2024
Toshloq tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan yuborilgan fuqaro murojaati o‘rganib chiqildi. Murojaatda xarid qilingan uyali aloqa vositasi nuqsonli chiqqanligi va sotuvchi tomonidan ushbu muammoni bartaraf qilish choralari ko‘rilmayotganligi ma'lum qilingan.
Murojaat egasi Toshloq tumani "Yakkatut" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi A.O.ning so‘zlariga ko‘ra, u tuman markazidagi kredit savdo do‘konidan 2 million 407 ming so‘mlik “Samsung Galaxy A 14” markali telefonni muddatli to'lov asosida xarid qilgan. Lekin telefonni 10 kun davomida ishlatishi davomida aloqa vositasida nuqsonlar aniqlangan. Iste'molchining bu borada savdo do'koni va servis markaziga qilgan murojaatlari esa e'tiborsiz qoldirilgan.
Murojaat tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida sotuvchiga amaldagi qonunchilik talablari ko‘rsatib o‘tilgan so‘rov xati kiritildi va uyali aloqa vositasidagi nuqson sotuvchining sa'y-harakatlari bilan servis markazida bepul bartaraf etib berilishiga erishildi.