
29.01.2024
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga 2023-yil davomida fuqaro (iste’molchi)lardan jami 13 731 ta murojaat kelib tushgan.
Mazkur ariza va shikoyatlarning 12 487 tasi, ya’ni, 90,9 foizi ijobiy hal etilishi natijasida iste’molchilar foydasiga jami 55 442 253 724 (ellik besh milliard to‘rt yuz qirq ikki million ikki yuz ellik uch ming yetti yuz yigirma to‘rt) so'm yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilib berildi.
Federatsiya va uning hududiy ijro organlari tomonidan kelib tushgan 169 ta murojaat asosida iste’molchilarning manfaatlarini ko‘zlab sud organlariga da’vo arizalari kiritilishi va ijobiy hal etilishi natijasida 12 228 407 554 (o‘n ikki milliard ikki yuz yigirma sakkiz million to‘rt yuz yetti ming besh yuz ellik to‘rt) so'm moddiy va ma’naviy zararlar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.
Bundan tashqari, fuqarolardan tushgan jami 35 ta murojaat yuzasidan nazorat organlariga tegishli murojaatlar yo'llanib, ijobiy hal etilishi natijasida iste'molchilar foydasiga 156 514 290 (bir yuz ellik olti million besh yuz o‘n to‘rt ming ikki yuz to‘qson) so'm mablag' qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi.
Isteʼmolchilardan kelib tushgan murojaatlarning
5060 tasi (36,9 %) – savdo;
1639 tasi (11,9 %) – gaz taʼminoti;
1472 tasi (10,7 %) – elektr taʼminoti;
1085 tasi (7,9 %) – kommunal xizmat;
907 tasi (6,6 %) – xizmat koʻrsatish (servis);
690 tasi (5 %) – suv taʼminoti;
325 tasi (2,4 %) – aloqa (va internet);
316 tasi (2,3 %) – transport;
274 tasi (2 %) – sogʻliqni saqlash;
1963 tasi (14,3 %) esa boshqa sohalarga toʻgʻri keladi.
Ma'lumot uchun, O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 2018-yilda Xalqaro iste'molchilar tashkiloti (Consumers International) a'zoligiga qabul qilingan.