31.01.2024
Aynan, siz sotib olishni xohlagan mebel, oshxona jihozlari, maishiy-texnika yoki elektron jihozlar mo‘ljalingizga nisbatan qimmatroq bo‘lsa, nima qilasiz? Pulingiz yetmay turgan qismiga bankdan kredit olib do‘konga qaytasizmi yoki sotuvchining tavsiyasiga amal qilib joyida “bo‘lib to‘lash” taklifini qabul qilasizmi?
Bu holatda, hoh tovar yoki pul ko‘rinishida iste’mol krediti rasmiylashtirilishidan qat’iy nazar, e’tiborni ko‘proq tovar sizga bozor qiymatiga nisbatan qanchalik qimmat tushayotganiga qaratishingizni tavsiya etamiz. Keling, bank va do‘konning bu tizimda qanday ishlashini aniq misollarda ko‘rib chiqamiz.
Bank krediti
Bank iste’mol kreditlari mamlakatimizning barcha banklari taklif etadigan bank xizmati turi bo‘lib, ular O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan iste’mol tovarlarini xarid qilish maqsadida ajratiladi:
Iste’mol krediti har bir bankning ichki tartibiga asosan ajratiladi. Kredit mahsulot va xizmat yetkazib beruvchining hisob varag‘iga pul ko‘chirish yo‘li bilan ajratiladi. Shuningdek, ba’zi banklar kredit uchun garov ta’minoti (ko‘chmas va ko‘char mulk, sug‘urta polisi) talab etadi. Aksariyat hollarda iste’mol kreditlari uchinchi shaxsning (masalan, doimiy daromadga ega bo‘lgan hamkasbingiz, turmush o‘rtog‘ingiz yoki qarindoshingiz) kafilligi ostida ajratiladi.
Kredit uchun qaday hujjatlar taqdim etiladi?
• Ariza;
• pasport / identifikatsiya ID-kartasi / yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi/ harbiy bilet nusxasi;;
• olingan daromadlar to‘g‘risidagi ma’lumotnoma (so‘nggi 12 oylik, ba’zi banklarda so‘nggi 6 oylik);
• mahsulot yoki xizmat yetkazib beruvchi bilan imzolangan shartnoma;
• kredit ta’minoti hujjatlari (uchinchi shaxs kafilligi, sug‘urta polisi yoki garov mulki).
Do‘konda “Bo‘lib-bo‘lib to‘lash”
Hozirgi kunda, ko‘chalarda “Mahsulotlar bo‘lib to‘lash asosida kreditga beriladi” mazmunidagi e’lon va reklamalarga tez-tez ko‘zimiz tushadi. Bunda, Creditasia.uz, Texnomart.uz, Mediapark.uz, Easymarket.uz, Crediton.uz kabi elektron do‘konlar iste’mol kreditlarini tez, oson va masofadan turib rasmiylashtirilishini targ‘ib qilgan holda sizdan faqatgina:
• pasportingiz nusxasi;
• ish joyingizdan oylik daromadingiz to‘g‘risidagi ma’lumotnomani talab etadilar.
Umuman olganda, siz o‘zingiz uchun bozorda eng yaxshi mahsulotni tanlab-tanlab sotib olganingiz kabi bankni va taklif etilayotgan kredit turini eng ma’qulini tanlashga haqlisiz.
Iste’molchi o‘ziga jalb etuvchi bunday taklifga osongina ko‘nishi mumkin, lekin “bo‘lib-bo‘lib to‘lash”ga sotib olinganda, olgan mahsulotingiz asl bahosiga nisbatan ancha qimmatga tushadi. Agar shunday holatlarga duch kelsangizchi...
O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Davlatobod tuman ijro etuvchi apparatiga tumanning "Xalqlar do‘stligi" mahallasida yashovchi fuqaro M.A. tomonidan murojaat kelib tushgan.
Unda bayon etilishicha, fuqaro 2024-yil 12-yanvar kuni “ALIF MOLIYA” MChJga qarashli Davlatobod tuman 6-kichik tumanda joylashgan “IDEA” do‘konidan 6 oy muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan qiymati 4.668.000 so‘m bo‘lgan telefon sotib olgan.
Fuqaro uyga borgandan so‘ng, to‘lov jadvali asosida to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lay olmasligi hamda telefon boshqa do‘konlarga nisbatan ancha qimmat ekanligini bilgach, 13-yanvar kuni telefonni do‘konga qaytarib berish uchun olib borgan. Do‘kon xodimlari fuqaroga telefon qaytarib olinmasligi hamda shartnoma bekor qilinmasligini ma’lum qilishganganidan so‘ng, jamiyatga ariza bilan murojat qilib, shartnoma bekor qilinishida amaliy yordam so‘ragan.
Ushbu murojaat ijro etuvchi apparat tomonidan o'rganib chiqildi va telefon uchun tuzilgan 4.668.000 so'mlik shartnoma bekor qilinishiga erishildi.