
07.02.2024
Kommunal toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlash har birimizning fuqarolik burchimiz hisoblanadi. Ammo toʻlovlarni vaqtida toʻlab borayotgan fuqaroga nisbatan qoʻshimcha qarzdorlik toʻgʻrisida xat kelsa, qanday yoʻl tutish kerak?
Buxoro viloyat isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish hududiy birlashmasiga ham aynan shu mazmundagi murojaat kelib tushdi. Kogon shahrida yashovchi fuqaro T.Q. ichimlik suvi uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirib kelgan. Joriy yil boshida Suvoqava MCHJ Kogon shahar filiali tomonidan berilgan ogohlantirish xatida esa isteʼmolchi 1 500 000 soʻm qarzdorligi aks etgan. Holatga oydinlik kiritish maqsadida hududiy birlashmaga murojaat qoldirgan.
Kogon shahar jamiyati masʼullari tomonidan murojaat oʻrganilganda, isteʼmolchi nomiga ikkita abonent raqam berilganligi, toʻlovlar ikki marta hisoblab borilganligi aniqlandi. Jamiyat xodimlari saʼy-harakatlari natijasida, noreal qarzdorlik bekor qilindi.