12.02.2024
Farg‘ona shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan O.O. kredit do‘konidan muddatli to‘lov shartlarida xarid qilgan telefonda nuqson aniqlangach, sotuvchining tushuntirishi bilan, uni servis markaziga olib borganligini, servis markazidagilar telefonni bir hafta muddat ichida tuzatib berishlarini aytganliklarini ma'lum qilib, telefonni iloji boricha tezroq muddatda ta'mirlanishida amaliy yordam so‘raydi. Albatta, masalaga shahar jamiyati aralashuvi bilan ta'mirlash ishlari tez muddatda bajarilib, uyali aloqa vositasi iste'molchi qo‘liga topshirildi, lekin ...
Kundalik turmush jarayonida ko‘pchiligimiz uzoq muddat foydalanadigan tovarda nuqson aniqlanishi va undagi nuqsonlarni ishlab chiqaruvchi, ya'ni uning vakili bo‘lgan servis markazi tomonidan bartaraf etib berilishi holatiga duch kelishimiz mumkinligidan kelib chiqilsa, ushbu holatda qanday harakatlarni amalga oshirish borasidagi bilimlar barchamiz uchun muhimdir. Aytaylik, yangigina xarid qilingan va uyda yagona bo‘lgan televizorimiz buzilib qoldi, servis markazi esa nuqsonlarni barataraf qilishga bir haftaga yaqin vaqt ketishini aytdi. Xo‘sh, endi nima qildik? Bir hafta televizor ko‘rmaymizmi yoki birortasidan ijaraga olib turamizmi? Yo‘q, albatta.
"Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun 15-moddasida mana shu holatga yechim bo‘ladigan normalar keltirilgan. Unga ko‘ra, agar tovarda kafolat muddati ichida nuqson aniqlansa, nuqson sotuvchi tomonidan 20 kun ichida, ishlab chiqaruvchi tomonidan esa 10 kun ichida bepul bartaraf etilishi kerak. Shuning bilan birgalikda, uzoq muddat foydalaniladigan tovarni ta'mirlashga ketadigan vaqtda foydalanib turish uchun iste'molchiga ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovar berib turiladi. Lekin ushbu talabni iste'molchi sifatida Siz qo‘yishingiz kerak bo‘ladi.
Faqat bir holatga e'tibor qarating! Ya'ni bunda uzoq muddat foydalaniladigan tovar Vazirlar Mahkamasining 13.02.2002 yildagi 75-sonli qarori bian tasdiqlangan Qoidalarning 2-ilovasidagi "Xaridorning ta'mirlash davrida unga tekin berib turish yoki xuddi shunday marka (model', artikul)dagi tovarni almashtirish to‘g‘risidagi talabi tatbiq etilmaydigan uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar ro‘yxati"da bo'lmasligi kerak. Bizning misolimizdagi telefon va televizor esa ushbu ro‘yxatda yo'q.