13.02.2024
Kitob tumani "Surum" mahallasida yashovchi A.A. tumandagi “Shodlik” savdo majmuasidan 2 800 000 soʻmga “Artel” rusumli televizor sotib olgan. Biroq televizorni uyiga olib borgach, unda nuqsonlar aniqlangan. Sotuvchi esa nuqsonli mahsulotni almashtirish haqidagi talablarni rad etgan.
Iste'molchining bu haqda Oʻzbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasining ishonch telefoni orqali qilgan murojaati oʻrganildi va televizor ekranida sotish jarayonida koʻzga tashlanmaydigan jiddiy nuqsonlar mavjudligi aniqlandi.
Oʻrganish jarayonida sotuvchiga amaldagi iste'molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik talablari tushuntirildi va nuqsonli mahsulotni sotib olish uchun toʻlangan mablagʻ toʻliq iste'molchiga qaytarildi.
Ma'lumot uchun, televizor uzoq muddat foydalaniladigan nooziq-ovqat tovari hisoblanadi. Shu sababli, bunday turdagi mahsulotlar uchun qonunda ishlab chiqaruvchi va sotuvchining kafillik majburiyatlari belgilab qoʻyilgan.