
16.02.2024
Marg‘ilon shahar "Toshloqtepa" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi X. R.ning “Qumtepa" bozoridan sotib olgan muzlatgichda nuqson aniqlangani, sotuvchi va servis markazi tomonidan iste'molchiga amaliy yordam berilmayotganidan norozi bo‘lib O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasininig 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati tegishliligi bo‘yicha o‘rganib chiqildi.
Iste'molchi o‘z murojaatida bozordagi do‘konlarning birida savdo faoliyatini olib borayotgan S.S.dan "Artel" markasidagi muzlatgichni 3 500 000 so‘mga xarid qilganini, uni xonadonga keltirib foydalanishi jarayonida sovutgichning pastki katta kamerasi me'yorida ishlamayotganini aniqlab, bu haqda servis markazi xodimlariga murojaat qilganini, xonadoniga tashrif buyurgan markaz ustasi sovutgichda nosozlik yo‘qligini aytganligini, u ushbu javobdan qoniqmagan holda sotuvchiga murojaat qilganida esa sovutgichni issiqroq xonaga olib kirib ishlatib ko‘rish tavsiya qilinganini ma'lum qiladi. Iste'molchi ushbu tavsiyani ham bajarib ko‘rgandan so‘ng o‘zgarish sezmagach, sotuvchiga shartnomani bekor qilish talabini qo‘ygan, ammo natija bo'lmagan.
Marg‘ilon shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari amaldagi qonunchilik talablari, xususan, sotuvchi iste'molchining tovarni almashtirib berish yoki undagi nuqsonlarni bartaraf etish haqidagi talablarini bajarmagan bo‘lsa, iste'molchi shartnomani bekor qilib yetkazilgan ziyon va ma'naviy zararni qoplab berilishini talab qilish huquqiga egaligi yuzasidan tushuntirishlar berilgach, shartnoma bekor qilinishiga erishildi.