
19.02.2024
Gʼuzor tumani "Chanoq" mahallasida yashovchi Ch.B. Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining ishonch telefoni orqali murojaat qilib, sotib olingan nuqsonli mahsulotni almashtirib olishda yordam soʼragan. Mazkur murojaat Gʼuzor tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan oʼrganildi.
Аniqlanishicha, fuqaro tomonidan tumandagi “Nurli xayot STX” MChJga qarashli maishiy texnikalar savdo doʼkonidan “Indesit” rusumli muzlatgich sotib olingan. Biroq unda turli nosozliklar kuzatilib, bir necha marta servis xizmati koʼrsatilishiga qaramasdan, ishlamagan. Isteʼmolchining nosoz mahsulotni almashtirish haqidagi talablari esa sotuvchi tomonidan rad etilgan.
Murojaatni oʼrganish jarayonida sotuvchiga Oʼzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʼgʼrisida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan “Chakana savdo qoidalari” talablari tushuntirildi va nosoz mahsulotni sotib olish uchun toʼlangan 3 million 200 ming soʼm isteʼmolchiga qaytarildi.