
20.02.2024
Yakkabogʼ tumani "Qoratut" qishlogʼida yashovchi M.D. tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, sotib olingan maishiy texnikaning nosozligi, sotuvchi esa uni boshqasiga almashtirib berishdan bosh tortayotganligi toʼgʼrisida maʼlum qilgan.
Murojaat oʼrganilganda, fuqaro tomonidan tumandagi “Аl-Baraka” savdo doʼkonidan 1 million 550 ming soʼmga changyutgich sotib olinganligi, biroq sotuvchi tomonidan ushbu tovar uchun kafolat muddati belgilanmaganligi aniqlandi. Yakunda jamiyat xodimlari tomonidan sotuvchiga Oʼzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʼgʼrisida”gi Qonunning 11-moddasida belgilangan kafillik majburiyatlari tushuntirildi va nosoz changyutgich yangisiga almashtirildi.
Maʼlumot uchun, uzoq muddat foydalaniladigan barcha turdagi tovarlarga ishlab chiqaruvchi kafolat muddati belgilashi lozim. Kafolat muddati tovar isteʼmolchiga sotilgan yoki xizmat koʼrsatilgan kundan boshlab hisoblanadi. Аgar tovar sotilgan kunni aniqlashning imkoni boʼlmasa, bu muddat tovar ishlab chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi. Ishlab chiqaruvchi kafolat muddati mobaynida tovarning normal ishlashini taʼminlashi shart.