
21.02.2024
Gʼuzor tumani “Аpardi” mahallasida yashovchi fuqaro X.M. tumandagi “Behruz Аl-Аziz” MChJga qarashli qurilish mollari savdo doʼkonidan 72 dona shifer mahsulotini jami 4 million 248 ming soʼmga sotib olgan va ushbu shiferlar bilan yashash xonadonidagi qoʼshimcha binolarning tom qismini yopgan. Biroq oradan bir necha oy oʼtgach, shiferlar sifatsizligi sabab, ularda siniqlar va yoriqlar hosil boʼla boshlagan. Bu haqda sotuvchiga qilgan murojaatlari samara bermagach, sifatsiz mahsulotni almashtirishda amaliy yordam soʼrab, tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilishga majbur bo'lgan.
Murojaat asosida olib borilgan oʼrganishlarda, tomga yopilgan shiferlarning 22 donasida turli siniq va yoriqlar mavjudligi va yaroqsiz holga kelib qolganligi aniqlandi. Sotuvchiga amaldagi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik talablari tushuntirilib, yaroqsiz holatdagi shifer oʼrniga qiymati 1 million 298 ming soʼm boʼlgan 22 dona sifatli shifer mahsulotlari olib berilishi taʼminlandi.