
21.02.2024
Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Mirishkor tumani jamiyati tomonidan “Bolalar uchun isteʼmolchi savolnomasi” qoʼllanmasi nashrdan chiqarildi.
“ILM-FАN-MА’NАVIYAT” nashriyotida chop etilgan mazkur qoʻllanma amaldagi iste'molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik asosida sodda va tushunarli sharhlar hamda savol-javoblar tarzida tuzilgan boʻlib, umumtaʼlim maktablari oʼquvchilarining iste'molchi sifatida huquqiy bilimlarni egallashlariga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi moliyaviy koʼmagida nashr etilgan qoʼllanmada bugungi kunda koʻp sonli iste'molchilar muammolarga duch kelayotgan savdo, xizmat koʻrsatish, umumiy ovqatlanish, kommunal soha, elektr energiyasi va gaz ta'minoti, tibbiy xizmat, avtomobil, temir yoʻl hamda havo transportidan foydalanishga doir qonunchilikning mazmun-mohiyati hamda har bir iste'molchi bilishi shart boʻlgan huquq va majburiyatlar oʼz aksini topgan.
Аlbatta, har birimiz savdo rastalari yoki bozorlardan oʻzimiz va oilamiz uchun xavfsiz va sifati kafolatlangan mahsulotlar xarid qilishni, koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati bizning talablarimizga mos boʻlishini xohlaymiz. Biroq har doim ham mahsulot va xizmatlar sifati biz istaganimizdek boʻlavermaydi. Bu borada muammolarga ham duch kelishimiz mumkin. Bunday holatlarda iste'molchi, birinchi navbatda oʻzining huquqiy bilimlariga tayanadi. Demak, sohaga doir huquqiy bilimlar va iste'mol madaniyatimizni maktab davridayoq oshirib borishimiz talab etiladi. Shunday ekan, mazkur qoʻllanma maktab oʼquvchilarining huquqiy bilimlarini yana-da yuksaltirishga xizmat qilishi, shubhasiz.