Telegram-bot Virtual qabulxona

22.02.2024

3 yarim million so'm asossiz qarzdorlik bartaraf etildi

Davlatobod tuman "Yuksalish" MFYda yashovchi fuqaro D.U. tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.

Unda keltirilishicha, fuqaro yashash xonadoni 2019-yilda ichimlik suvi tarmogʻiga ulangan boʻlib, oʻsha vaqtda hudud nazoratchisi guvohligida hisoblagich o'rnatilgan. Hisoblagich tegishli tartibda roʻyxatdan oʻtkazilmaganligi sababli, odam soniga qarab toʻlov hisoblangan. Fuqaro bundan xabar topganidan soʻng, hisoblagichni roʻyxatdan oʻtkazib berishni soʻrab, “Suv taʼminoti” MChJga ariza bilan murojaat qilgan. Murojaat ijrosi vaqtida taʼminlanmagani bois, 8 oy oʻtib qayta ogʻzaki murojaat qilganida, jamiyatning masʼul xodimi arizangiz yoʻqolib qoldi, degan vaj bilan qaytadan ariza olib qolgan. Ammo oradan 2 yil oʻtsa-da, ariza hal boʻlmaganligi sababli, 2023-yil iyun oylarida iste'molchi MChJga 3 marotaba qayta ariza bilan murojaat qilgan, lekin fuqaro murojaatlari shu kungacha koʻrib chiqilmagan. Fuqaro ichimlik suvi boʻyicha toʻlovlarni uydagi hisoblagich koʻrsatkichiga ko'ra, oyma-oy toʻlab borgan. Unga 2023-yil 16-oktyabr kuni “Ichimlik va oqava suvi xizmatidan qarzi yoʻq” degan mazmunda maʼlumotnoma berilgan boʻlsa-da, joriy yilning 22-yanvarida 3 470 541 soʻm qarzdorlik toʻgʻrisida SMS-xabarnoma bilan ogohlantirilgan. Fuqaro yuqoridagi holatlardan norozi boʻlib, ijro etuvchi apparatdan amaliy yordam berishni soʻragan. 

Yuqorida keltirilgan holat Davlatobod tuman ijro etuvchi apparati mutaxassislari tomonidan oʻrganildi. 
Oʻrganish davomida yuqoridagi qarzdorlik “Suv taʼminoti” korxonasi tomonidan qayta hisob-kitob qilinib, 3 470 541 soʻm asossiz qarzdorlik bartaraf etildi hamda fuqaro xonadonidagi suv hisoblagich bazaga kiritilishi uchun Davlat xizmatlari markaziga ariza yuborildi.


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00